ELEKTRON POCHTA

ELEKTRON POCHTA (e-mail) — ma’lumotlarni uzatish tarmog’i orqali axborotlarni bir foydalanuvchi electron qutisidan boshqasinikiga jo’natish, qabul qilish va ma’lum vaqtgacha saqlanishini ta’minlovchi dasturiytexnik vositalar to’plami. Elektron pochta axborotlarni tarmoqning bir punktidan boshqasiga tezkor uzatishni ta’minlaydi. Elektron pochtada maxsus shlyuzlar orqali har xil elektron axborot tizimlari vositasida axborotlar dunyoning istalgan burchagiga uzatiladi. Elektron pochtadan uzluksiz ravishda yoki ma’lum vaqt (seans)larda foydalanish mumkin. Elektron pochta 20-asr ning 60-yillarida «katta» hisoblash mashinalarida «ko’p foydalanuvchilar tartibi» dasturining ishlatilishidan boshlangan. 1989 yilda birinchi marta tijorat pochta xizmatlari bilan Internet o’rtasida aloqa o’rnatildi. O’zbekiston hududida Elektron pochta xizmati 1990-91 yillarda ma’lumot uzatish tarmog’i operatorlari tomonidan taqtsim etila boshlandi. 1997 yilda Toshkent pochtamti korxonasida «Kelsot» tarmog’i orqali Elektron pochta xizmatlari punkti ishga tushirildi. Hozir O’zbekistonda fuqarolar, korxonalar, xonadonlar Internet tizimiga ulangan kompyuterlar va «Internet kafe»lar orqali Elektron pochtadan foydalanadilar. Internetga chiqish imkoniyati bo’lmagan mijozlar uchun «O’zbekiston pochtasi» aktsiyadorlik tarmog’i orqali Elektron pochta va gibrid pochta (pochtani qabul qilish, ishlov berish va yetkazish jarayonida Elektron pochta va an’anaviy pochta resurslari ishlatiladi) xizmatlarini yo’lga qo’yish ishlari olib borilmoqda. Gibrid pochta orqali korxona, tashkilotlar va o’quv muassasalaridan olingan axborot, xabar, reklama, taklifnoma, chaqiruv qog’ozlari va boshqalar pochta xodimlari tomonidan oluvchilarning manzillariga yetkazilib beriladi.