TAVAKKAL
TAVAKKAL, Tavakkalxon, Tavakkul Sulton (?— 1598) — qozoq xonligi xoni (1586-98). Shig’ayxonning o’g’li. 1581-82 yillarda Abdullaxon I saroyida xizmat qilgan. Tavakkal va otasi Shig’ayxon Abdullaxonning Toshkent va Turkistonning shayboniylardan bo’lgan hokimi Boboxon (bobo Sulton)ga va ba’zi qozoq sultonlariga qarshi kurashida katta yordam bergan. Shu xizmatlari tufayli 1575 yil Shig’ayga Xo’jand viloyati Tarxon yoki suyurg’ol tariqasida berilgan. Ofarinkent viloyati Tavakkalga tuhfa qilingan (1582). Biroq xonning unga nisbatan muomalasi yomonlashganidan badgumon bo’lib Dashti Qipchoqqa qaytgan. Mustaqil bo’lish uchun Mo’g’uliston va Buxoro xonligi bilan kurash olib borgan. Abdullaxonga qarshi kurashda yordam bergani uchun Boboxon yassi va Sabron viloyatlarini unga suyurg’ol qilib bergan. Tavakkal Sharqiy Turkistondagi chalish va Turfan viloyatlari ichki ishlariga aralashgan, bu viloyatlar hokimi uning ko’rsatmasi bilan tayinlangan. Rossiya bilan do’stona aloqa o’rnatishga harakat qilgan. Rossiya O’rta Osiyo xonliklari bilan muzokaralarda Tavakkaldan vositachi sifatida foydalanishga hamda Tavakkal bilan Eron shohi Abbos I o’rtasida Buxoro xonligiga qarshi ittifoqchilik shartnomasi tuzilishi uchun ko’p uringan. 1594 yil yanvarda podsho hukumati Tavakkalga harbiy yordam berishni va’da qilgan. 1595 yil may-iyulda Tavakkal huzurida Velyamin Stepanov boshchiligidagi rus elchilari bo’lgan. Abdullaxon va uning o’g’li Abdulmo’minxon vafotidan so’ng Tavakkal Movarounnahrni egallashga uringan. Ukasi Ishimxon bilan avval Toshkentni, so’ngra Samarqandni egallab, Buxoroga yurgan. Buxoro yaqinidagi jangda og’ir yarador bo’lib Toshkentga qaytgan va o’sha yerda vafot etgan. Ad:. Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982; Axmedov B. A., Materiali po istorii kazaxskix xanstv XV—XVIII vekov, AlmaAta, 1969. Javli Tursunov.