YELIM OQISH

YELIM OQISH — danakli mevalar, tut, jiyda daraxtlari, o’rmon daraxtlari va tsitrus o’simliklarida uchraydigan kasallik belgilaridan biri. Yaxshi parvarish qilmaslik, erning ortiqcha namiqishi, oziq moddalarning etishmasligi, shox-shabbalarni noto’g’ri va bevaqt kesish, hasharot tufayli yoki boshqa sabablar bilan yelim oqadi. Aksariyat hollarda daraxt tanasi va shoxlarida po’stloq ostidan oqib chiqqan shaffof suyuklik qotib, elimsimon modda hosil qiladi. O’simlik po’stlog’ining yelim chiqqan joylarida har xil shish va g’ovaklar paydo bo’lib, o’simlik asta-sekin quriydi. Yelimdagi zamburug’, bakteriyalar yomg’ir, shamol va hasharotlar orqali boshqa daraxtlarga yuqadi. Kurash choralari: daraxt tanasi 2 chelak suvga 1 chelak so’ndirilmagan ohak, 100 gramm yelim, 200 gramm temir kuporosi qo’shib tayyorlangan ohak suti bilan oqlanadi, jarohatlangan joylari formalin eritmasi (1:100) yoki temir ko’porosi (5% li) bilan dorilanadi. Daraxt tanasidagi yelim qirib olinadi, o’rni fungisidlar (1% li mis ko’porosi eritmasi) bilan yuviladi.