YER KALAMUSHLARI
YER KALAMUSHLARI, plastinka tishli kalamushlar (Nesokia) — kemiruvchi sut emizuvchilar urug’i. Oziq tishlari emal qavati bilan qoplanmasdan alohida plastinkalarga o’xshab ko’rinadi (plastinka tishli kalamushlar degan nomi shundan). Hindiston yarim oroli, O’rta Osiyo, G’arbiy Osiyo va shimoliy Afrikada tarqalgan. Kopetdog’, Murg’ob, Amudaryo va Zarafshon vodiylarida hind yer kalamushi, ya’ni nezokiya (N. Indica) uchraydi. Tanasining uzunligi 22 santimetrgacha, dumi 15 santimetrcha. Usti to’q qizil, qorni kulrang. Yiliga (3-6 tadan) 2— 3 marta bolalaydi. Asosan, o’simliklar (kartoshka, sabzi va boshqalar) ning yerostki qismlari bilan oziqlanadi. Ekinlarga ziyon keltiradi. Yer ostini chuqur qazib, sug’orish inshootlarining buzilishiga, yerning cho’kishi va boshqalarga sabab bo’ladi; yuqumli kasalliklar (masalan, toun kasalligi) qo’zg’atuvchilarini ham tarqatadi.