YER MANTIYASI
YER MANTIYASI – yer po’sti bilan yer yadrosi orasida joylashgan qatlam. Yer mantiyasi Yer (atmosferasiz) hajmining 83% ini, massasining 67% ini egallaydi. Yer po’stidan Moxorovichich yuzasi bilan ajralgan. Qalinligi 2865 kilometr bo’lib yuqori chegarasi (Moxorovichich yuzasi) o’rta hisobda yer yuzidan 33 kilometr va ostki chegarasi Moxorovichich yuzasidan qariyb 2900 kilometr chuqurlikdan o’tadi. Chegaralar qatlamlardan o’tuvchi seysmik to’lqin tezligining keskin o’zgarishi bilan aniqlanadi (ustki chegarada 1,5 kilometr/sekund, ostki chegarada 5,54 kilometr/sekund). Yer mantiyasi yuqori mantiya o’tkazuvchanlik oblast va ostki mantiyaga bo’linadi. Yuqori mantiya o’z navbatida (yuqoridan pastga) substrat, Gutenberg qatlami (seysmik to’lqinlarning pasaygan tezligi qatlami) va Golisin qatlamiga (ba’zida u o’rta mantiya deb nomlanadi) bo’linadi. Yer mantiyasining etagidan qalinligi 100 kilometrdan kamroq bo’lgan qatlam mavjud. Qatlamdagi seysmik to’lqinlarning tezligi chuqurlashgan sari oshmaydi, hatto sal pasayadi. Yuqori mantiyaning tarkibi peridotitga o’xshash massadan iborat deb faraz qilinadi; qalinligi 850-900 kilometr, hajmi yer shari hajmining 0,1667 qismiga teng. Unda seysmik to’lqinlarning tezligi 8,00— 8,97 kilometr/sekund, zichligi 3,34—3,64 g/sek3, gravitasion maydon 985 sm/sm2, bosim 0,009* 1012 din/sm2 dan 0,141 x 1012 din/sm2 gacha o’zgaradi. O’tkazuvchanlik oblastining tarkibi o’zgarib turadi, qalinligi 571 kilometr. Yer shari hajmining 0,2131 qismini tashkil qiladi. Seysmik to’lqinlarning tezligi 8,97—11,0 km/sek. Zichligi 3,64—4,68 g/ sm3, gravitasion maydon 998-997 sm/ sek2, bosim 0,141 x YU12 din/sm2 dan 0,392×1012 din/sm2 gacha o’zgaradi. Ostki mantiyaning tarkibi bir xil, qalinligi 1914 kilometr. Yer shari hajmining 0,4428 qismini tashkil qiladi. Seysmik to’lqinlarning tezligi 11,42— 13,64 km/ sek. Zichligi 4,68—5,68 g/sm3, gravitatsion maydon 995-1037 sm/sek2, bosim 0,392xyu12 din/sm2 dan 1,37* 1012 din/ sm2 gacha o’zgaradi. Yer mantiyasi Yerning vujudga kelgan davrida qattiq holatda bo’lgan yoki qattiq kimyoviy birikmalar tarkibiga kirgan kimyoviy elementlardan tashkil topganligi taxmin qilinadi. Bu elementlar ichida: O, Si, Mg, Fe aksari qismini tashkil etadi. Hozirgi tasavvurlarga ko’ra Yer mantiyasining tarkibi tosh meteoritlar tarkibiga yaqin turadi. Ba’zi olimlar esa uni katta kuch bilan siqilgan suyuqlik holatida deb hisoblaydilar. Vulkan otilishlaridan hosil bo’lgan lavalar Yer mantiyasi moddasini to’liq bo’lmasa ham suyuq holatda ekanligi to’g’risida guvohlik beradi. Shuningdek, modda va uning ayrim qismlarini suyuq holatda ekanligini seysmometrik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Yer mantiyasining temperaturasi va bosimi chuqurlashgan sari o’zgarib boradi. Yer po’sti ostidagi bosim 1,3—1,4 million atmosferaga yaqin deb hisoblanib, okean osti yer po’sti bosimi kontinental bosimdan ancha kam ekanligi ta’kidlanadi. Turli tadqiqotchilarning fikricha, Yer mantiyasi pastki gorizontlarining temperaturasi 1500 dan 10000° gacha, yuqori gorizontlarining temperaturasi bazaltoid tog’ jinslari erish temperaturasi chegarasida (1000-1300°)dir. Shuningdek, Yer mantiyasining elektr o’tkazuvchanligi ham chuqurlashgan sari ortib boradi. Yer mantiyasidagi moddalarning fizik holati va unda sodir bo’layotgan geokimyoviy jarayonlarni o’rganish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Yer po’stining tektonik harakatlari va temir, mis rudalari, oltin, platina konlari va boshqalarning paydo bo’lishi ushbu jarayonlar bilan bog’liqdir. Ad.: Problemi stroeniya zemnoy kori i verxney mantii, SB. st., M., 1970; Bugaevskiy G. N., Seysmologicheskie issledovaniya neodnorodnostey mantii zemli, Kiev, 1978; Subbotin S. I., Voprosi gravimetrii, issledovaniya zemnoy kori i mantii, teoriya tektogeneza, Kiev, 1979.