TANQIDIY REALIZM
TANQIDIY REALIZM – 19-asrning 20—30-yillarida jahon adabiyoti va san’atida shakllangan badiiy metod, realizmnint bir ko’rinishi. Klassisizm adabiyoti vakillarining o’z davrini o’tagan va eskirgan tasvir usullariga qarshi, o’tgan asrlardagi ilg’or adabiyotlarning eng yaxshi an’analarini davom ettirish va yangilash maqsadida maydonga kelgan. Hayot hodisalarini badiiy mujassamlashtirishda bu hodisalarning ijtimoiytarixiy ildizlarini ochish Tanqidiy realizmning asosiy maqsadidir. Tanqidiy realizm yozuvchidan insonni har tomondan cheklovchi, yozuvchi, buzuvchi va ma’naviy inqirozga olib keluvchi hayotning ijtimoiy asoslarini tanqidiy aks ettirishni talab etadi. Tanqidiy realizm adabiyoti va san’atida tarixiylik printsipi hayotiy voqealar, kishilarning xarakterlari va ularni qurshagan sharoitning muayyan davr uchun muhim voqealar, xarakterlar va sharoitlar sifatida tasvir etilishida zuxur beradi. Tanqidiy realizm asarlaridagi personajlar «ortiqcha kishilar», «otalar» va «bolalar» yoki yangilik va eskilik tarafdorlari bo’ladimi — ular o’z davrining mahsulidir. Ammo tarix harakati, ijtimoiy taraqqiyot jarayoni Tanqidiy realizmning aksar asarlarida kishilar sub’yektiv faoliyatining natijasi sifatida talqin etiladi. Shuning uchun ham bu asarlarda faqat kishilarning ruhiy olami, ishonch va e’tiqodi ulardagi ijobiy (ezgu) ibtidoning manbai bo’lib xizmat qiladi. Tanqidiy realizm insoniyatni baxtli va nurli hayotga olib boruvchi yo’lni ko’rsatmaydi, balki kishilarning shunday xayot sari intilishlarida ularga duch kelgan to’siqlar, illatlar, sharoitni ko’rsatadi. Shuning uchun ham badiiy tasvirning bu usuli Tanqidiy realizm deb ataladi. Sovet adabiyotshunosligi Tanqidiy realizmning shakllanishini proletar harakatining paydo bo’lishi bilan bog’lab, mazkur badiiy metod vakillarini kapitalizmga qarshi ongli ravishda kurashgan yozuvchilar sifatida talqin etib keldi. Tanqidiy realizm vakillari esa shu jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlik va shu jamiyatda yashovchi ayrim kishilar hayotidagi ma’naviy buzilish hollarini xalqqa badiiy tasvir orqali ko’rsatish va jamiyatni shu yo’l bilan davolashni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ygan edilar. Tanqidiy realizmning G’arbiy Yevropadagi Balzak, Dikkens, Tekkerey, Flober singari vakillari voqelikni inqilobiy o’zgartirish g’oyasidan mutlaqo uzoq bo’lishgan. Shuning uchun ham ular ijodidagi ayrim kishilarga xos illat va qusurlar tasviri, sovet adabiyotshunosligi talqin etib kelganidek, kapitalistik jamiyatni fosh etish pafosi darajasiga olib chiqilmagan. Tanqidiy realizmning 20-asrda yaratgan asarlarida 2 tamoyil ko’zga tashlanadi. Birinchisi — kishilarning kundalik hayotini, ularning baxtli hayot yo’lidagi intilishlarini tasvirlash. Remark, Steynbek singari yozuvchilarning shu yo’nalishdagi asarlaridan, Fellini, Antonioni singari mashhur italyan kinorejissyorlarining filmlaridan chiqadigan xulosa shuki, inson hayotini yaxshilash, taqdirni o’zgartirish mumkin emas. Ikkinchisi — xalq ozodlik harakatlari, shu jumladan, 20-asrdagi inqilobiy harakatlarni badiiy idrok etish va shu hol tufayli ijtimoiy taraqqiyot istiqboliga umid bilan qarash. Rollan, London, Drayzer singari yozuvchilarning ayrim asarlarida ana shu ikkinchi tamoyil ustuvorlik qiladi va xuddi shu tamoyil ular ijodini sosialistik realizm bilan yaqinlashtiradi. Sovet adabiyotshunosligi L.N. Tolstoy, F.M.Dostoevskiy, A.P.Chexov kabi yozuvchilarning 1917 yilgacha bo’lgan rus voqeligi tasvirlangan asarlarinigina Tanqidiy realizmning namunalari sifatida baholab, 1917 yildan keyingi davr voqealariga bag’ishlangan rus yozuvchilarining asarlarini esa sosialistik realizm metodiga nisbat berib keldi. Holbuki, xuddi shu davr rus adabiyotida Tanqidiy realizm yetakchi metod sifatida rivojlandi va hattoki sovet davri rus adabiyotida Tanqidiy realizm metodi tamoyillari asosida ko’pgina asarlar yaratildi. M.Bulgakovning «tarki dunyo» («Beg»), M.Sholoxovning «tinch okar Don», A.Pasternakning «Doktor Jivago», A.Soljenisinning «GULAG arxipelagi» singari asarlari Tanqidiy realizm metodiga asoslanganligi bilan farqlanib turadi. 19-asrning 2-yarmida hajviy yo’nalishning katta mavqe kasb etishi bilan o’zbek adabiyotida ham Tanqidiy realizmga xos belgilar yetakchilik qila boshladi. Ammo bu davr va, ayniqsa, jadidchilik davri adabiyotida xalqni ma’rifatga chaqirish g’oyalari ustuvor ahamiyatga ega bo’lgani uchun adabiyotshunoslar bu davr adabiyotining badiiy metodini ma’rifatparvarlik realizmi deb baholaganlar. Ma’rifatparvarlik goyasi esa shu davrda jaholatga, diniy bid’at va xurofotga qarshi qaratilganligi sababli jaholat tanqidi M.Behbudiy, Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Hamza, Tavallo kabi jadid yozuvchilarining asarlarida fosh etuvchi pafos darajasiga ko’tarildi. 20-yillarda bolsheviklar tufayli O’zbekistonda sodir bo’lgan mudhish voqealarni, mustamlakachilikning chidash mumkin bo’lmagan ko’rinishlarini tasvir etishda Abdulla Qodiriy («o’tgan kunlar»), Fitrat («Mirrix yulduziga», hikoyalar) va Cho’lpon («buzilgan o’lkaga», «Vayronalar orasidan», «kecha va kunduz», «novvoy qiz», «Oydin kechalar») kabi yozuvchilar Tanqidiy realizm metodidan mahorat bilan foydalandilar. Ammo keyinchalik adabiyot va nashr ishlarini qattiq nazorat ostiga olgan Sovet davlati o’zbek adabiyotida Tanqidiy realizmning avj olishiga mutlaqo imkon bermadi. Natijada sotsialistik realizm o’zbek adabiyotining yagona badiiy metodi sifatida uzil-kesil shakllandi. 20-asrning 70-yillarida sotsialistik realizmning «ochiq metod» deb e’lon qilinishi o’zbek adabiyotida Tanqidiy realizmga xos pafosning jonlanishiga sababchi bo’ldi. Abdulla Qahhor shu davrda sovet jamiyati xayotida avj ola boshlagan poraxo’rlikni keskin fosh etuvchi «Tobutdan tovush» satirik komediyasini yaratdi. Ichkilikbozlik, ko’zbo’yamachilik, laganbardorlik, muttahamlik kabi ijtimoiy illatlarni fosh etuvchi asarlar yaratila boshlandi (I.Sultonovning «Imon» pesasi, S.Zunnunovaning «Yangi direktor» qissasi, «tashnalik» hikoyasi va b.). Ammo mavjud ijtimoiy tuzum, hukmron mafkura o’zbek adabiyoti va san’atidagi jamiyatni tozalash va davolashga qaratilgan bunday tamoyilning kuchayishiga yo’l qo’ymadi. Umuman, realizm adabiyotning asosiy metodi sifatida jamiyat va kishilar hayotidagi urchishi va jamiyatning rivojlanishiga to’siq bo’lishi mumkin bo’lgan har qanday illatlarni tasvir etishni, binobarin, Tanqidiy realizm metodiga xos unsurlarning ham bo’lishini taqozo etadi. Ad.: Problemi sovremennogo realizma i modernizm, M., 1965; kriticheskiy realizm XX veka i modernizm, M., 1967; Petrov S. M., Kriticheskiy realizm, M., 1974. Naim Karimov.