FOKSTROT

FOKSTROT (inglizcha fox — tulki va trot — yo’rtish, tez yurish) — salon raqsi. 20-asr boshida AQShda jaz raqslari asosida paydo bo’lib, 1-jahon urushidan so’ng ommaviylashgan Yevropa raqsi. O’zbekistonda 1930-40-yillardan kinoteatr, bog’park kontsert hamda raqs maydonchalari va boshqalarda faoliyat ko’rsatgan harbiy, estrada orkestr va ansambllari repertuaridan kengo’rin olgan. Fokstrot kuylari 4/4 o’lchovida, marshsimon, bir oz sinkopalashgan ritmi bilan ajralib turadi («tulki qadamlari»). 2 turi mavjud — shoshmasdan ijro etiladigan «slow» Fokstrot va tez sur’atli «quickstep». Fokstrot ritm va ohanglaridan kompozitorlar ham keng foydalanishgan (J.Puchchini, F.Pulenk, I.Stravinskiy, D.Miyo, D. Shostakovich, O’zbekistonda V.Saparov va boshqalar).