SAAR-LOTARINGIYA KO’MIR HAVZASI

SAAR-LOTARINGIYA KO’MIR HAVZASI — GFR (Saar) va Frantsiya (Lotaringiya) hududlarida joylashgan ko’mir havzasi. Kumir 19-asr boshidan qazib olinadi. Maydoni taxminan 7 ming kilometr kvadrat. Ko’mir yuqori karbon davriga mansub, umumiy qalinligi 140 metrgacha bo’lgan 550 dan ziyod qatlamdan iborat. Ulardan 50-100 ta qatlam (umumiy qalinligi 70-85 metr) sanoat ahamiyatiga ega. Zaxiralari taxminan 10 milliard tonna. Qazib olinadigan zaxirasi taxminan 3 milliard tonna. Koks bo’ladigan ko’mir qazib olinayotgan ko’mirning 43% ni tashkil etadi. Yonish issiqligi 31,5— 35,7 MJ/kg. Yiliga 28 million tonnaga yaqin ko’mir qazib olinadi.