YADRO TEXNIKASI
YADRO TEXNIKASI — texnikaning yadro energiyasidan foydalanish bilan shug’ullanadigan tarmog’i. Turli moddalarning yadroviy xossalaridan texnikada foydalanish bilan bog’liq bo’lgan texnika vositalari va ularga doir ishlarni tashkil etish majmui. Yadro texnikasida yadro energiyasidan bevosita va bilvosita foydalaniladi. Bevosita foydalanishga katta energiya olinadigan qator elementlarning bo’linish (sintez) reaktsiyalari kiradi. Bunda energiya atom reaktorlarida issiqlik tarzida ajraladi, issiqlik esa elektr va mexanik energiyaga aylantiriladi. Bilvosita foydalanishga yadrolarning bo’linish mahsulotlari (radioaktiv izotoplar va nurlanish)ni sanoatda, qishloq xo’jalik, fan va texnikada qo’llash kiradi. Yadro texnikasining asosiy yo’nalishlari: reaktorsozlik; yadro yokilg’isi ishlab chiqarish; reaktorlar uchun issiqlik ajratuvchi elementlar tayyorlash; foydalanilgan yadro yoqilg’isini qayta ishlash; izotoplarning bo’linishi; radioaktiv izotoplarni ishlab chiqarish; xodimlarni zararli nurlanishdan himoya qilish usullari hamda vositalarini ishlab chiqishdan iborat. Reaktorlar uchun konstruktsion materiallar olish texnologiyasi (grafit, og’ir suv, tsirkoniy, berilliy va boshqalar olish ham), reaktorlar va yadro qurilmalarini avtomatik boshqarish hamda rostlashning puxta sxemasini tuzish, yadrofizikaviy va issiqlik jarayonlarini hisoblash usullari va nazariyasini yaratishda Yadro texnikasidan foydalaniladi.