YA’QUB IBN LAYS AS-SAFFOR

YA’QUB IBN LAYS AS-SAFFOR (?-879) — Safforiylar sulolasi va davlati asoschisi. Seyistondagi Karnin qishlog’ida tug’ilgan. Yoshligida Zaranj shahriga kelib, misgarga shogird tushgan (Saffor laqabi shundan, Gardizishsht yozishicha, Yaqub ibn Lays dastlab miskar, so’ng ukasi Amir ibn Lays bilan yo’l to’sar qaroqchi bo’lgan. Keyinchalik Bust shahrining sarhangi, xaylboshi (harbiy otryad boshlig’i), nihoyat — Seyiston amiri bo’lgan (861 yil 22 mart). Xorijiylarga qarshi kurashda faol qatnashgan. Yaqub ibn Lays Xurosonga egalik qilish uchun Tohiriylar bilan kurash olib borgan. Hirot va Bushang (867), Kermon va Fors viloyatini (869), Kobul va Bomiyon (870) ni bosib oladi. 871 yil xalifaunga Toxaristondagi Balxni in’om etadi. 873 yil avgustda Nishopurni egallab Tohiriylar davlatiga barham bergan. Arab xalifasi Xuroson noibligini unga topshirishga majbur bo’lgan. 876 yil Yaqub ibn Lays katta qo’shin bilan Bag’dodga yurish qilgan, biroq xalifa qo’shinidan yengilib orqaga qaytgan. Uning vafotidan so’ng taxtga ukasi Amr ibn Lays o’tirgan. Ad.:Bartold V.V., Sochineniya, t. 7, M., 1971. Mahfuza Atmova.