FUNDAMENTALIZM
FUNDAMENTALIZM – keng ma’noda — muayyan ta’limot aqidalarining o’zgarmasligini e’lon qiladigan, e’tiqodni aql dalillaridan ustun qo’yadigan, ilohiy kitoblardagi vahiy qaysi ma’noda bayon etilgan bo’lsa, shu ma’noda qabul qilinishini talab etadigan, ayni vaqtda ularni majoziy ma’noda talqin etishga har qanday urinishlarni rad etadigan, din asoslarini og’ishmay bajarishni qattiq talab qiladigan ijtimoiy, mafkuraviy, diniy yo’nalishlar. Tor ma’noda — protestantizmdagi ortodoksal oqimlar. 1910-yillarda AQShning Janubiy shtatlarida paydo bo’lgan. Ular xristianlikning an’anaviy aqidalariga, ayniqsa, Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonchni mustahkamlashni, uni so’zma-so’z sharhlashga qat’iy rioya qilishni talab qiladilar. 1919 yil Filadelfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assotsiasiyasiga asos solindi. 20-asrning 70-yillaridan Fundamentalizm so’zi Islomga nisbatan qo’llanila boshlandi. Islom Fundamentalizmi Qur’on va hadislarni so’zma-so’z talqin etish va ilk Islomga qaytishni targ’ib qiladi. Keyingi paytlarda mutaassib musulmonlar «fundamentalistlar» deb atalmoqda. Islom Fundamentalizmi turli yo’nalish va kayfiyatdagi guruhlarni o’z ichiga oladi. Ularning ba’zilari terror usullari bilan qonuniy hokimiyatga qarshi kurashda o’zini namoyon etsa, boshqalari targ’ibot-tashviqot ishlari, diniy ta’lim bn, turli jamoat tashkilotlari, maktab, un-t, ommaviy axborot vositalariga kirib borish, audiovidio kassetalarni tarqatish bilan shug’ullanadi. Islom Fundamentalizmiga xos bo’lgan g’oyalar—G’arb turmush tarzi va G’arb tovarlarining iste’moliga qarshi kurash, dinsiz yoki «sof islomdan chekingan» davlat rahbarlarini jismonan yo’q qilish, Islomda shirkka barham berish va boshqalardir. Islom Fundamentalizmi talqinida aziz-avliyolar qabrini e’zozlash ham butparastlikka kiradi. Hozirgi davrda Islom Fundamentalizmi vakillari butun dunyoga yoyilib, har yerda o’z maslakdoshlarini topishga intilmoqda. Abulhasan Nuriymon.