FIGURALI UCHISH

FIGURALI UCHISH – sport turi. Uning asosida konkida yuguruvchi sportchining muz ustida harakat yo’nalishini o’zgartirishi, aylanishlar va sakrashlar bilan bog’liq maxsus harakatlari yotadi. Ayollar va erkaklarning yakka holda, juft holda uchishi va sport raqslari bo’yicha musobaqalarni o’z ichiga oladi. Yakka holda uchish maktab deb nomlangan 3 ta majburiy rasmfigura, 7 majburiy elementdan iborat qisqa erkin dastur (bajarish vaqti 2 minutgacha) va shaxsiy erkin dasturini (ayollar uchun 4 minut, erkaklar uchun 5 minut) bajarishni tashkil etadi. Juft holda uchish kiska dastur (6 majburiy element — qadamlar kombinatsiyasi, ko’tarish; alohida va birgalikda aylanishlar, sakrashlar; 3 minutgacha davom etadi) va erkin dastur (5 min)dan iborat. Sport raqslari dasturida 3 majburiy, original va erkin raqslar bo’ladi. Figurachilarning mahorati 6 balli tizim bilan baholanadi. Figurali uchish sport turi sifatida 19-asrning 60-yillarida paydo bo’ldi. Yevropa chempionatlari — 1891 yildan yakka holda uchishda (ayollar — 1930 yildan), 1930 yildan juft holda uchishda; jahon chempionatlari — 1896 yildan yakka holda uchishda (ayollar — 1906 yildan), 1908 yildan juft holda uchishda o’tkaziladi. Sport raqslari bo’yicha jahon birinchiligi 1952 yildan o’tkaziladi. Figurali uchish 1924 yildan qishki Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritildi (sport raqslari — 1976 yildan; 1908 va 1920 yillarda musobaqalar Olimpiada o’yinlari dasturida o’tkazilgan). O’zbekistonda 1972 yil Figurali uchish maktabi (Toshkentda) tashkil qilindi. Unda 200 ga yaqin sportchi shug’ullandi. Figurali uchish bo’yicha Olimpiya o’rinbosarlarini tayyorlaydigan respublika maxsus bolalar-o’smirlar sport maktabining tarbiyalanuvchilari Marina Nikityuk va Rashid Kodirkaevlar juft bo’lib uchishda o’smirlar o’rtasida jahon chempionatining kumush medaliga sazovor bo’ldi (1980). Toshkentlik Alina Spirgiadu va Yuriy Razgulyaev sport raqslari bo’iicha o’smirlar o’rtasida jahon chempioni (1991), keyin kattalar o’rtasida bir necha bor Osiyo chempionati va yirik xalqaro turnirlarning g’olibi bo’ldilar. Shuningdek, yakka holda uchishda Osiyo o’yinlari, 4 qita (Osiyo, Afrika, Avstraliya va Amerika) chempioni, Gran pri musobaqalarining finalchisi Tatyana Malinina va Roman Skornyakov, juft holda uchishda Natalya Ponomareva bilan Yevgeniy Sviridov O’zbekistonning mashhur figurali uchuvchilari hisoblanadi.