Bilyard o’yini necha yoshda?
Bilyard (yoki pul) ning ikkiyoqlama hayoti bordek tuyuladi. Uzoq yillar davomida yirik shaharlardagi bilyardxonalarda tartibli biror kishini topish ancha-muncha qiyin yumush bo’lgan. So’ngra esa bilyard butun dunyoda aslzodalarning xos o’yiniga aylandi. Eng mashhur xonadonlar va klublar bilyardxonaga ega bo’lishgan. Bu o’yin shu qadar ko’hnaki, hech kim uning ibtidosi sanasini aniq ayta olmaydi. Ayrim nufuzli kishilar qadimgi Misrda bilyard o’ynalgan, deyishadi. Yunonistonda u miloddan avvalgi 400 yilda ma’lum bo’lgan. Yangi eraning ikkinchi yuzyilligida Irlandiya qiroli Katkir mor o’zidan keyin kiylari bronzadan yasalgan 55 ta bilyard sharlari qoldirgan. Ayo Avgustin o’zining V asrda yozilgan «Tazarrunoma»sida bilyardni eslatib o’tadi. Turli sabablarga ko’ra bu o’yin XVI—XVII asrlarning ko’pgina mashhur adiblari tomonidan eslatib o’tiladi. Masalan, Shekspirning «Antoniy va Kleopatra» pyesasida Kleopatra shunday xitob qiladi: «qani, ketdik o’sha bilyardxonaga». Shotlandiya qirolichasi Meri Styuart hibsga olingan paytda uning shikoyatlaridan biri undan bilyard stolini olib qo’yishgani bo’lganini bilasizmi? Angliyadagi bilyard o’yinining dastlabki to’liq tavsifini Charlz Kottonning 1674 yilda e’lon qilingan kitobida uchratamiz. Rasmlarga qarab xulosa chiqaradigan bo’lsak, o’sha kezlardagi o’yinlarda stol ustida to’siqlarning barcha xillari, masalan, halqa, qoziqchalar mavjud bo’lgan. O’yinchi bu to’siqlarni ularni yiqitmasdan aylanib o’tishi yoki oshib o’tishi shart bo’lgan. Taxminan 1800 yilda o’yin hozirgi bilyardni eslatadigan ahvolga keldi. 1807 yili Angliyada hozirgi bilyardga juda o’xshagani tasvirlangan kitob — bu o’yin haqida yozilgan birinchi kitob bosmadan chiqqan edi.