FOND BIRJASI
FOND BIRJASI – qimmatli qog’ozlar va boshqa moliyaviy vositalar oldi-sotdi qilinadigan birja; pul kapitali harakatiga xizmat ko’rsatadigan moliya bozorining dastaklaridan biri. Bozor infratuzilmasining muhim bo’g’ini, qimmatli qog’ozlar (davlat obligatsiyalari, korxonalar aktsiya va obligatsiyalari, bank kredit biletlari, tijorat veksellari), valyuta oldi-sotdisi bo’yicha muntazam va tashkiliy faoliyat ko’rsatadi. Fond birjasining asosiy vazifalari: bo’sh turgan pul va qimmatli qog’ozlarni sotishni tashkil etish orqali jamg’arilgan pul kapitalini safarbar etish va to’plash; xususiy xo’jalik sub’yektlari va davlat investisiyalarini ularning qimmatli qog’ozlari xaridini tashkil etish yo’li bilan moliyalashtirish; qimmatli qog’ozlarning yuqori darajadagi likvidligini, ya’ni qimmatli qog’oz egalari uchun yo’qotishlarsiz tezda pul mablag’lariga aylanishini ta’minlash. Huquqiy maqomiga ko’ra, jahon amaliyotida doimiy davlat nazoratida faoliyat ko’rsatadigan yalpi huquqiy, aktsiyadorlik jamiyatlari shaklidagi hususiy va davlat kapitali ishtirokidagi aralash Fond birjasi turlari bor. Fond birjasi 16-asrda G’arbiy Yevropa mamlakatlarida paydo bo’lgan. Jahonda 150 dan ortiq yirik Fond birjasi bor (2003). O’zbekistonda birinchi fond birjalari 1991 yildan boshlab tashkil etila boshladi, lekin ularning kupi keyinchalik yopildi.