USMONLI TURK IMPERIYASI
USMONLI TURK IMPERIYASI, Usmonlilar davlati [Yevropada Ottoman imperiyasi deb atalgan] — kichik Osiyo, Sharqiy Yevropa, yaqin Sharq va shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda usmonlilar sulolasi boshqargan davlat (1299— 1922). Usmonli turk imperiyasiga Usmon I asos solgan. Bu davlat dastlab kichik Osiyoning shimoliy g’arbiy qismi eski shahar va anatoliya hududida saljuqiylarning Ko’niya Sultonligiga tobe kichik bir beklik (beylik) shaklida tashkil topgan. Bu beklikning ilk hukmdori Erto’g’rul bo’lsa qam uning o’g’li — Usmonbey davrida beklik mustaqil davlatga aylanganligi uchun uning nomi bilan Usmonli bekligi deb atalgan. Keyinchalik bu davlat Usmonli turk imperiyasi nomini olib, o’rta asrlarda jahonning eng qudratli davlatlaridan biriga aylandi. Usmon I va uning o’g’li Urxon bek (Bey) unvonini qabul qilgan bo’lsa, urxonning o’g’li Murod I davridan boshlab hukmdorlar Sulton deb atalgan. Usmon G’oziy davridayoq qo’shni Vizantiya imperiyasiga qarshi bir qancha harbiy yurishlar qilinib, Qoracha Hisor va yor Hisor qal’alari, Bursaning atroflari egallangan. Uning o’g’li Urxon G’oziy Vizantiyaning Bursa, Nikeya, Nikomediya shaharlarini istilo qilib, 14-asrning o’rtalaridayoq qora dengiz va marmar dengizi sohillariga chiqqan. Bu davrda Usmonli turklar (ular o’g’uz turklari- ning qay urug’iga mansub bo’lgan) dardanell bo’g’ozidan o’tib, Yevropa hududiga kirishgan. 1356 yilda Bolqonni zabt etish tugallanib, Yevropa hududida yangi Rum yeli (Rumeliya) viloyati ta’sis etilgan. Aynan shu paytdan Usmonlilar davlatini saltanatga aylanish jarayoni boshlangan. 1360 yil yanichar (turkcha: yangi cherik) — maxsus piyoda qo’shin tashkil qilingan. Davlatning dastlabki poytaxti Melangiya, 1326-62 yillarda Bursa bo’lgan. Sulton Murod I, 1362 yilda poytaxtni Bursadan Edirna (Adrianopol)ga ko’chirgan. Uning hukmronlik davrida Yevropada yangi hududlar zabt etilgan. Kosovo maydonida bo’lgan jang (1389) da serblar maglubiyatga uchragach, Serbiya Usmonli turk imperiyasiga qo’shib olindi. Sulton Boyazid I Yildirim Bolgariyaning poytaxti tirnovo (1393)ni egallab, Nikopol ostonalarida salibchi ritsarlarning birlashgan 60.000 kishilik qo’shinini maglubiyatga uchratdi (1396) va Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni qamal qilishga kirishdi. U Bolgariya, Valaxiya, Makedoniya, Fessaliyani o’z davlati tarkibiga kiritdi. Biroq, 1402 yilda bo’lgan Anqara jangit Amir Temur qo’shinidan Usmonli turk imperiyasining mag’lubiyatga uchrashi Vizantiya imperiyasini mukarrar halokatdan saqlab qoldi. Sulton Mehmed I va Murod II hukmronliklari davrida qo’ldan ketgan hududlar qaytarib olingan. Adolatli va insofli hukmdor sifatida nom chiqargan Murod II G’oziy 1422 yil Konstantinopolga hujum qiladi. Varna yaqini (1444 yil 10 noyabr) va Kosovo maydoni (1448 yil 17— 19 dekabr)da chexvengerlar qo’shinini mag’lubiyatga uchratib, 1449-50 yillarda Albaniya ustiga 2 marta yurish qilgan. Murod II ning o’g’li Mehmed II Fotih turk qo’shinlariga shaxsan o’zi qo’mondonlik qilib, jahongirlik siyosatini olib borgan. U Sharqiy Rim imperiyasi — Vizantiyaning poytaxti Konstantinopolni 40 kunlik qamaldan so’ng egallab (1453 yil 29 may), Vizantiya imperiyasini tugatgan. Konstantinopol turkcha Istanbul nomi bilan atalib, poytaxt bu yerga ko’chirilgan. Bu g’alabadan sung Mehmed II Fotih Bolqon va Markaziy Yevropa mamlakatlarini zabt etishga kirishgan. Serbiya (1459), Moraviya (1460), Bosniya (1463), Valaxiya (1476), Albaniya (1479) Trapezund — Trabzon (1461) egallangan. Qrim xonligi tobe davlatga aylantirilgan (1475). Oq qo’yunli davlati hukmdori uzun Hasanga qarshi harbiy harakatlar kuchaytirilgan. Yevropaning Italiya, Germaniya, Avstriya kabi davlatlari hududlarini egallash rejasi tuzilib, amaliy harakatga o’tilgan. Bu davrda harbiy va ma’muriy boshqaruv sohasida katta islohotlar o’tkazilib, ulkan salta- natni mustahkamlash choralari ko’rilgan. Ayniqsa, adabiyot, san’at va me’morchilik gullab yashnagan. Sulton Boyazid II, Salim I va Sulaymon I qonuniy hukmronlik qilgan davrlarda saltanat haddan tashqari kuchaygan. Xususan, Salim I yovuz Eron safaviylari shohi Ismoil I qo’shinini yanchib tashlaydi (1514 yil 23 avgust). Iroq, Shom (Suriya), Falastin, Misrni egallab, Qohiraga kiradi (1517). Bu paytda Misrdan tashqari shimoliy Afrikaning Jazoir hududi, shuningdek, Bolqon, Arabiston, Janubiy Sharqiy Anadolu ham Usmonli turk imperiyasi tarkibiga kirgan. Halabda bo’lgan juma namozi (1516 yil 28 avgust)da Sulton Salim I ga «ikki muqaddas shahar xizmatchisi» Faxriy unvoni berilib, xalifa sifatida uning nomi xutbaga qo’shib O’qilgan (usmonli sultonlar shu kundan e’tiboran to 1924 yilgacha ayni paytda Islom olamining xalifasi ham hisoblangan). Sulton Sulaymon I ham jahongirlik siyosatini davom ettirgan. Vengriya bosib olingach, turklar Venani 1-marta qamal qilishgan (1529). Polsha va Ukrainaga qo’shin jo’natilib, Egey dengizidagi Rodos va boshqa orollar ishg’ol qilingan. Sulaymon I Qonuniy «Muqaddas Rim imperiyasi»ga qarshi kurashish uchun Frantsiya qiroli Frantsisk I bilan birinchi frantsuz-turk siyosiy shartnomasi va savdo bitimini imzolagan (1535). 1556 yilga kelib Usmonli turk imperiyasiga kichik Osiyo hududi, G’arbiy Gruziya, G’arbiy Armaniston, Livan, Suriya, Iroq (Bag’dod bilan birga), Falastin, Hijoz, Yaman, Misr, Tripoli, Jazoir, Yunoniston, Bolgariya, Vengriya, Serbiya, Bosniya, Valaxiya, Transilvaniya, Moldaviya, Qrim kirgan. Bu paytda u jahondagi eng qudratli saltanatlardan biri hisoblangan. Saltanatning ulkan hududi 3 qit’a: Yevropa, Osiyo, Afrikaning katta qismini egallagan bo’lib, uning maydoni 8 million km2ga yetgan. 16-asrda turklarning kuchli dengiz floti butun O’rta dengiz havzasini nazorat qilib turgan. Sulton Murod III hukmronligi davrida Kipr oroli bo’ysundirilgan. Bu paytda Gibraltar bo’gozidan Fors qo’ltig’igacha, Dunaydan Nil sohillarigacha bo’lgan hudud sultonlikka qaragan. Biroq 17-asr oxiridan boshlab sultonlikning harbiy, siyosiy va iqtisodiy qudrati asta-sekin zaiflasha boshlagan. Yevropa mamlakatlari o’zaro ittifoq tuzib, Usmonli turk imperiyasiga qarshi kurashga chog’langanlar. Vena atrofida bo’lgan 2-jangda turk qo’shini Avstriya, Germaniya, Polshaning Birlashgan armiyasidan engilgan (1683). Muntazam davom etib turgan Rossiya-Turkiya urushlari (1676-81, 1684-99, 1710-11, 1768-74, 1787-91, 1807-12, 1828-29, 1853-56, 1877-78, 1914-16 va boshqalar) oqibatida Usmonli turk imperiyasi asta-sekin zaiflashib borgan. Hatto bu paytda vahhobiylarning ta’siri kuchayib, ular inglizlarning yordamida Fors qo’ltig’idagi Elxasa (1792), Karbalo (1801), Makka va Madina (1803-06)ni egallab, turklarga qarshi qirg’in uyushtirgan. Salim III va Mahmud II hukmronliklari davrida saltanatni parchalanib ketishdan saqlab qolish uchun islohotlar o’tkazilgan. Sulton Abdulmajid yana islohotlar o’tkazish (1839) orqali, bir tomondan, sultonlik inqirozini to’xtatishga, ikkinchi tomondan, yangi turk ziyolilarini (ular o’zlarini yangi usmonlilar deyishgan) shakllantirishga muvaffaq bo’ldi. Bu paytda bo’lgan Qrim urushida Turkiya o’zining eski raqibi Rossiya imperiyasi ustidan g’olib chiqdi hamda qora dengiz va Dunay daryosidagi mavqeini qayta tikladi. Tanzimat va 1876 yilda qabul qilingan dastlabki Konstitutsiya Sulton Abdulhamid II tomonidan bekor qilingach (1878), mamlakatda istibdod davri boshlangan. Bu davrda Sultonlik Yevropa davlatlariga iqtisodiy jihatdan qaram bo’la boshlagan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida «Ittihod va taraqqiy» partiyasi a’zolari mamlakatda konstitutsion monarxiya o’rnatish uchun qat’iy harakat qilishgan. 1922 yil 1 noyabsrda Turkiya Buyuk millat Majlisi sultonlikni tugatish to’g’risida qaror qabul qildi. Mustafo Kamol (Oshaturk) bosqinchilarga qarshi ko’tarilgan milliy ozodlik harakatiga rahbarlik qilib, sultonlikning asosan turklar yashaydigan hududi — kichik Osiyo va qisman Yevropada 1923 yil 29 oktabrda Turkiya jumhuriyatiga asos soldi. Usmoililar davlatining O’rta Osiyo xonliklari bilan o’zaro munosabatlari. Asrlar davomida ikki xalq vakillari, avvalo, ulamolar, olimlar, shoirlar, san’atkorlar madrasalarda birgalikda tahsil olishlari, ziyoratlari, savdo-sotiq munosabatlari va o’zaro tashriflar jarayonida do’stona aloqalar o’rnatganlar. Ikki o’rtadagi munosabatlarda davlat rahbarlari tomonidan olib borilgan elchilik aloqalari muhim o’rin tutadi. Safaviylar davlatiga qarshi birgalikda kurashish uchun Sulton Salim I elchi Muhammadbek orqali Shayboniylar hukmdori Ko’chkunchixota o’zaro maktub jo’natgan (1514). Xususan, Sulton Sulaymon I qonuniy va Buxoro xoni Ubaydullaxon Eronga qarshi birgalikda kurashish uchun harakat qilishgan. Shayboniylarning Samarqanddagi hukmdori Abdumlatifxonga Sulaymon I katta miqdorda qurolyarog’jo’natgan (1551). Buxoro xoni Subhonqulixon Sulton Sulaymon II huzuriga elchilar yuborib (1690) do’stona munosabatlarni rivojlantirgan. Buxoro amiri Doniyolbiy 1779 yilda Ernazar Mas’ud o’g’lini dastlab Rossiya imperiyasi so’ngra Usmonlilar sultonligiga elchi qilib tayinlab, o’zaro aloqani mustahkamlamoqchi bo’lgan. Doniyolbiy 1783-84 yillarda 2-marta Sulton Abdulhamid I huzuriga Muhammad Sharifni elchi qilib jo’natgan. Turk sultoni elchisi Mahmud Sayd og’a Buxoro amiri Shohmurod huzurida bo’ladi. (1786) Sulton Salim III ham 1789 yilda o’z elchilarini yuborgan. Buxoro amiri Haydar devonbegi Eshmuhammad va Mirzo Muhammad Yusuf qo’rchiboshini maktub bilan Istanbulga yuborib, Sulton Maqmud II dan shariatga doyr kitoblarni so’ratadi (1815). Maxmud II o’z elchisi Hasan Chalabiydan Buxoroga 32 jildli kitob yuborgan. Xiva xoni Olloqulixon xonlikka karshi Perovskiy ekspedisiyaidan so’ng Istanbul va Angliyaga elchilar yuborib, harbiy yordam so’raydi. Biroq, Xiva xoniga masofa olisligi uchun harbiy yordam jo’natilmay, to’p yasovchi turk ustalari yuboriladi. Qo’qon xoni Sulton Sayidxon (1865) va Buxoro amiri Muzaffar muftiy Xoja Muhammad Porsoni (1866) elchi qilib Istanbulga jo’natishgan va sultonlikdan harbiy yordam so’ragan. Shuningdek, mazkur davlatlar o’rtasida madaniy aloqalar keng yo’lga qo’yilgan. Asli bursalik Qozizoda Rumiy Mirzo Ulug’bekniig rasadxonasida mudirlik qilgan, Samarqanddagi Ulug’bek madrasasida bosh mudarris bo’lgan. Ulug’bek o’limidan so’ng uning shogirdi Ali Qushchi Istanbulda Sulton Mehmed II saroyida xizmat qilgan va Ayosofiya madrasasining bosh mudarrisi bo’lgan. Jaloliddin Rumiyning butun ongli faoliyati Ko’niya (Kichik Osiyo) da kechgan. Tasavvufnmng naqshbandiya va Yassaviya tarikatlari Usmonli turk imperiyasi hududida ham keng tarqalib, bu yerda Bahouddin Naqshband va Ahmad Yassaviynkng Yunus Emro, Xoja Bektosh Vali, Kiyikli bobo singari izdoshlari etishib chiqqan. Tilshunos olim, shoir va elchi Sulaymon Buxoriy 19-asr o’rtalarida Istanbulda yashab, «Lug’ati Chig’atoy va turki Usmoniy» (2 jildli) lug’atini tuzgan. 20-asr boshlarida Turkistondan borgan 100 dan ortiq talabalar (ularning orasida Fitrat, Usmon Xo’ja, Otaulla Xo’jayev, Bekjon Raxmonov va boshqalar bo’lgan) Istanbulda tahsil olgan. Yosh turklarning g’oyalari yosh buxoroliklar va yosh Xivaliklar dunyoqarashiga ijobiy ta’sir qilgan. «Ittihod va taraqqiy» partiyasi maorif bo’limi mudiri doktor Nozim va turkistonlik talabalar tashabbusi bilan Istanbulda «Buxoro ta’limi Maorif jamiyati» (1908) tashkil qilingan. Jamiyat Istanbuldagi g’alaba ko’prigi yonidagi yangi Jome’masjidida turkistonlik o’quvchilar uchun alohida maktab ochgan va ularni tekin o’qitgan. Jamiyat tomonidan Fitratning ko’plab asarlari ilk marta Istanbulda bosilgan. Ad.: Aliev G.Z., Tursiya v period pravleniya mladoturok, M., 1972; O’zbekistonning yangi tarixi, 1 kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Raxmaialiev R., Imperiya tyurkov, M., 2002; Erol Gungo’r, Tarihtsa turkiy davlatlar, T., 2003; Mirzo Salimbek, Kashkuli Salimiy, Tavorixi mutgaqadimin va mutaaxirin, Buxoro, 2003.