PUL BOZORI

PUL BOZORI – pul taklifi va unga bo’Igan talab foiz stavkasi darajasi bilan aniqlanadigan bozor. Pulga talab xo’jalik faoliyati uchun zarur pulga ehtiyoj dir. Uning shakllanishining asosiy ikkita sababi mavjud: a) insonlarga har doim tovar va xizmatlarni sotib olish uchun, korxonalarga esa resurslar olish uchun pul zarur bo’ladi; b) insonlar o’zlarining pullarini har xil (aksiya, obligatsiya va h.k.) shaklda saqlaydilar, demak, aktivlar tomonidan pulga talab bo’ladi. Pul bozoridagi talab va taklifning bir-biriga to’g’ri kelishi iqtisodiyot uchun o’ta muhim masala hisoblanadi. Ayrim sabablarga ko’ra muomaladagi pul massasining ko’payib ketishi inflyatsion jarayonlarning zo’rayishiga, jami talabning jami taklifga nisbatan oshib ketishi makroiqtisodiy muvozanatning buzilishiga olib keladi. Pulning muomalada kamayib ketishi ham pirovard natijada jami taklifning jami talabdan oshib ketishi, umuman muvozanatning buzilishiga olib keladi. Shuning uchun pul bozorida talab va taklifni muvozanatlab turish lozim deb hisoblanadi. Buni, asosan, davlat o’zining chiqargan qimmatli qog’ozlarini sotish va sotib olish natijasida amalga oshiradi, ular ochiq bozorlardagi “operatsiyalar” deyiladi.