O’RDA

O’RDA, O’’RDU — 1) turkiy va mo’g’ul xalqlarida hukmdor, xon qarorgohi, qal‘a. Istiloh ushbu ma‘noda ilk bor qadimiy O’rxun Enasoy bitigi «Irq bitig» da qayd etiladi. Qoraxoniy hukmdor saroyi yoki Koshg’ar shahri O’rdukand deb yuritilgan. Ba‘zan O’rda o’rnida uning ma‘nodoshi xonto’y birikmasi ham ishlatilgan. Yirik turk va mo’g’ul davlatlari hamda ko’chmanchi qabilalari ittifoqlari — Oltin O’rda, No’g’ay O’rdaning nomi shundan kelib chiqqan. Turli tarixiy davrlarda qal‘a (V-VI-asrlargacha), diz (VI-VIII-asrlarda), ark (IX-XVII-asrlar) deb ham atalgan. O’rda, asosan, balandlikda bunyod etilgan, unga qiya uzun yo’lak (pandus) orqali kirilgan; davlat ahamiyatidagi inshootlar, ma‘muriy binolar, hukmdor saroyi va boshqalarni o’z ichiga olib, atrofi burjlari bo’lgan devor bilan o’ralgan. O’rda shaharsozlik tarixida muhim o’rin tutgan.