MA’NAVIYAT

MA’NAVIYAT — inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha. Ma’naviyat insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e‘tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini o’z ichiga oladi. Ma’naviyat atamasining asosida «ma’no» so’zi yotadi. Ma’lumki, insonning tashqi va ichki olami mavjud. Tashqi olamiga uning bo’y-basti, ko’rinishi, kiyinishi, xatti-harakati va boshqalar kiradi. Ichki olami esa uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari, intilishlari, his-tuyg’ularini o’z ichiga oladi. Insonning ana shu ichki olami Ma’naviyatdir. Oziq-ovqat odamga jismoniy quvvat bersa, Ma’naviyat unga ruhiy oziq va qudrat bag’ishlaydi. Ma’naviyat ma’rifat va madaniyat bilan bog’liq. Vijdon nima, yolg’on va rost nima, or-nomus nima, halol va harom nima bularning hammasini bir-biridan ajrata oladi, hayotda yomonlikka boshlovchi xatti-harakatlardan voz kechadi, yaxshilikka boshlovchi amallarni bajaradi. Qisqasi, Ma’naviyatda inson hayotining mazmuni aks etadi. Vatanni sevish, vatanparvarlik inson Ma’naviyatini belgilovchi asosiy omillardan biridir.