PARLAMENT NAZORATI
PARLAMENT NAZORATI — davlat nazorati shakllaridan biri. Asosan umuman siyosiy, ba‘zi holda ma‘muriy tusda bo’ladi. Parlamentar davlatlarda va prezidentlik respublikalarida hukumat faoliyati ustidan Parlament nazorati alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday nazoratning asosiy metod va shakli ishonch to’g’risidagi masala, tanbeh rezolyutsiyasi, interpellyatsiya, hukumatga og’zaki va yozma savollar (parlament savollari) parlament tekshirishidir. Prezidentlik respublikalarida hukumat faoliyati ustidan Parlament nazoratining ahamiyati kamroq: uning asosiy vositasi parlament tekshiruvi hisoblanadi, u istisno hollardagina impichment taomilini qo’llashga olib kelishi mumkin. Keyingi o’n yillikda inson huquqlariga rioya qilinishi ustidan Parlament nazorati borgan sari ko’proq ahamiyat kasb etmoqda, bu turli mamlakatlarda inson huquqlari bo’yicha parlament vakili instituti (tartiboti)ning keng yoyilishida o’z ifodasini topmoqda. Parlamentning maxsus organlari: hisob palatasi, hisob sudlari va boshqalar orqali amalga oshiriladigan moliyaviy va moliyaviy-iqtisodiy nazorat Parlament nazoratining alohida turi hisoblanadi. Parlament nazoratining bu turi endi siyosiy emas, balki ma‘muriy tusga ega bo’ladi. O’zbekiston Respublikasida parlament nazorati O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, uning qo‘mita va komissiyalari, Qonunchilik Palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar guruhlari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a‘zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan amalga oshiriladi. 2016-yil 11-apreldagi ―Parlament nazorati to‘g‘risidagi O‗zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Bu nazorat quyidagi shakllarda amalgam oshiriladi: davlat budjetini qabul qilish, uning ijrosining borishini ko‘rib chiqish; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma‘ruzasini ko‘rib chiqish; O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini eshitish; Qonunchilik palatasi, Senat majlislarida hukumat a‘zolarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish; O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitish; O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini eshitish; O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitish; O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotini eshitish; parlament so’rovi; Qonunchilik palatasi, Senat a‘zosining so‘rovi; Qonunchilik palatasi, Senat qo‘mitalari tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining axborotini eshitish; qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qo‘llash amaliyotini Qonunchilik palatasining, Senatning qo‘mitalari tomonidan o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan ular tomonidan monitoringini amalga oshirish; parlament tekshiruvi orqali amalga oshiriladi.