PROPORSIONAL SAYLOV TIZIMI

PROPORSIONAL SAYLOV TIZIMI — saylov tizimi ko‗rinishlaridan biri. Proporsional qismlarning butunga nisbatan to’g’ri nisbatga egaligini bildiradi. U partiyaviy ro’yxatlar asosida ovoz berishni ko’zda tutadi. Saylovchilar nomzodlarning partiyaviy a‘zoligiga ko’ra tuzilgan bir necha ro’yxat ichidan o’zi istagan ro’yxatni (ayrim hollardagi o’zi ma‘qul topgan nomzodlarni) belgilaydi. Ovozlarni sanash jarayonida partiyalar parlamentda egallagan joylar soni ushbu partiyalarga berilgan ovozlar soniga proporsional bo’ladi. U yoki bu partiyaning mandatlari sonini aniqlash uchun «saylov metri», ya‘ni bir deputat saylanishi uchun kerak bo’lgan eng kam ovozlar soni belgilanadi. Shuningdek, partiyaviy fragmentatsiyaning oldini olish maqsadida deyarli barcha mamlakatlar qonunchiligida parlamentga kirish uchun partiya yengib o’tishi kerak bo’lgan chegara belgilab beriladi (odatda, saylovchilarning 5 % ovozi miqdorida). Proporsional saylov tizimi ovoz berish natijalarini aniqlashning birmuncha murakkab tartibi bo’lib, bunda mandatlar o’z nomzodlarini vakillik organlariga qo’ygan siyosiy partiyalar va boshqa ommaviy harakatlar o’rtasida ular tomonidan olgan ovozlarning soniga mos ravishda taqsimlanadi. Proporsional saylov tizimida katta – katta saylov okruglari tuzilib, ularda har bir partiya o’z vakillarining ro’yxatini ilgari suradi, saylovchilar esa tegishli partiyalar yoki ommaviy harakatlar tomonidan ko’rsatilgan vakillarning ruyxati uchun ovoz beradi. Ovoz berish natijalarini aniqlash uchun saylov mezoni (yoki kvota), ya‘ni bir deputatlik mandatini olish uchun zarur bo’lgan ovozlar miqdori (odatda, kamida 4-5% qilib) o’rnatiladi. Bunda, shartga ko’ra, muayyan jamoat birlashmalarining nomzodlari ana shu belgilangan ovozlarni olgandan keyingina mandatlarni taqsimlashda qatnashadi. Avvalo saylovchilar bergan ovozlar miqdori deputatlik o‗rinlarining soniga bo’linadi. Shunda bitta mandat doirasidagi ovozlar soni ma‘lum bo’ladi. Keyin har bir partiya olgan ovozlar alohida-alohida hisoblab chiqiladi. Bu miqdor deputatning bir mandati uchun zarur bo’lgan ovozlar miqdoriga bo’linadi. Shunda mazkur siyosiy partiya yoki ommaviy harakatga berilgan deputatlik o’rinlari soni kelib chiqadi. Bunday tizimda saylovchi amalda nomzod uchun emas, balki siyosiy partiya ro’yxati uchun ovoz beradi. Saylovchilarning ovozi belgilangan me‘yor doirasida va mutanosib ravishda deputatlar mandatlari sonini keltirib chiqaradi. Bu o’rinlar partiya rahbar organlari tomonidan partiyaviy ro’yxatning bosh qismidan joy olgan nomzodlarga beriladi. Proporsional saylov tizimi Isroil, Vengriya, Avstriya, Daniya, Ispaniya, Polsha va boshqa mamlakatlarda mavjud.