Ayol

Ayol-1) erkak jinsi bo’yicha undan biologik farqlanuvchi shaxs; 2) nikoh munosabatlarida turuvchi, farzand ko’ruvchi ayol jinsidagi shaxs; 3) qizaloq yoki qiz boladan farq qiluvchi, balog’atga yetgan katta yoshdagi shaxs. Ishlab chiqarishda jismoniy kuch ishlatiladigan sohalarning qisqarishi ayollar mehnatidan foydalanish imkoniyatini jadal rivojlantirib yubordi. An’anaviy ayollar ishlab chiqarish sohalaridan-to’qimachilik, oziq-ovqat, tikuchilik bilan bir qatorda, amalda ayollar sog’liqni saqlash, maorif, savdo-sotiq sohalarida ham ishlay boshladilar. Ayollarga xos saranjomlik bo’lmaganida, sanoatning zamonaviy tarmoqlari-radio elektronika, priborsozlik, elektrotexnikani rivojlantirish mumkin bo’lmas edi. G’arb sotsiologiyasida odatdagi “ko’k va oq oyoqchalar” iborasi yonida yangi “pushti yoqachalar” iborasi ayollar kasbini atash uchun qo’llan boshladi. Ayollar mehnatidan foydalanish sohasining kengayishi faqat ularning band etishlik emas, balki ko’proq iqtisodiy va ijtimoiy sabablarga ko’ra ham yuz bermoqda. Iqtisodiy mulohazalar paydo bo’lishiga esa, erkaklar mehnatiga to’lanadigan haq darajasining pastligi, ularning ish topa olmasligi yoki ishdan ajralib qolish xavfi, inflyatsiya, qimmatchiliklar ham sabab bo’lmoqda. Bandlikning ijtimoiy sabablari sifatida bilim darajasining yuqoriligidan foydalanish zarurati, ijtimoiy aloqalarni kengaytirish istagi, nikohiy teng munosabatlarni o’rnatishga intilish, ajralish xavfi va erkaklar orasida o’limning nisbatan yuqoriligini qayd etish mumkin. Ayollarning bandlik darajasi ayolning jamiyatdagi ikki o’rni – onalik va kasbga ega xodimaligini mutanosiblash bilan belgilanadi. Hozirgi kunda bu ikki vazifani uyg’unlashtirish “ayollar masalasi”ning mohiyatini tashkil etadi. Iqtisodiy munosabatlar davrida Ayollar bilan, ya’ni ijtimoiy himoyaga alohida muhtoj guruh bilan ish olib borishni amalga oshirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu ishlar ayollar samarali bandligini ta’minlash uchun onalik vazifasi bilan kasbiy imkoniyatlarini ham ro’yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratish maqsadida mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshirishga yo’naltirilgan bo’lishi lozim. Ijtimoiy xodimlar o’z faoliyatlarini amalga oshirishda xalqaro tashkilotlarni, birinchi galda YuNESKO va XMT tavsiyalarini e’tiborga olishlari zarur.