Bronza davri, jez davri
Bronza davri, jez davri (miloddan avvalgi 2-1-mingyillik)-ibtidoiy jamoa davrida jezdan mehnat qurollarini ishlash yo’lga qo’yilgan tarixiy bosqich. Ibtidoiy odamlar bir necha yuz va ming yillar davomida mehnat qurollarini faqat toshdan yasab kelganlar. Miloddan avvalgi 4-mingyillik boshlariga kelib ayrim joylarda (jumladan, O’zbekiston yerlarida miloddan avvalgi 3-mingyillik oxiri-2-mingyillikda) turli zeb-ziynat bezaklarini, ba’zi mehnat qurollarini misdan yasay boshlaydilar. Bu davrda misdan yasalgan mehnat qurollari mo’rt va yumshoq bo’lganligidan, mustahkamroq qotishma olish uchun izlanish davom etgan hamda ma’lum davrdan so’ng qalayni misga qorishtirib jez (bronza) kashf etilgan. Natijada mehnat qurollarining turi ko’paydi, jezdan tig’li qurol-yarog’lar, ro’zg’or buyumlari, naqshdor muhrlar yasala boshladi. Ot, eshak, tuya va ho’kizdan transport vositasi sifatida foydalanildi. Hayvonlarga qo’shiladigan aravalar vujudga keldi. Bronza davri dehqonchilik va irrigatsiya tarmoqlari ancha rivojlanganligi bilan farqlanadi. Aholi, asosan, tomi qamish bilan yopilgan kulba va yarim yerto’lali chaylalarda yashagan, xonaki chorvachilik, zaxkash va nam yerlarda obikor dehqonchilik bilan shug’ullangan. Bu davrda matall quyish texnikasi yuksak bo’lgan. Jez metallurgiyasi keng rivojlangan. Xorazmda so’nggi jez-ilk temir davriga Suvyorg’an (miloddan avvalgi 2-mingyillik) va Amirobod (miloddan avvalgi 1-mingyillik boshi) madaniyatlari mansub. Farg’ona vodiysida so’nggi Bronza davriga mansub Chust madaniyati aholisining asosiy mashg’uloti dehqonchilik, chorvachilik bo’lgan. Xom g’ishtdan uylar, mudofaa inshootlari qurilgan. Quyi Zarafshonning Zamonbobo, Toshkentda Ko’kcha, Buxoro viloyati Qorako’l tumanida, Urgut tumanining Mo’minobod qishlog’ida, Chirchiq daryosi bo’yida Bronza davri madaniyatiga mansub manzilgohlar, Qarnab cho’lidan shu madaniyatga oid qadimgi ma’dan koni topilgan.