Urganch mudofaasi
Urganch mudofaasi (1221) — mo’g’ullar istilosi davrida shaharning qahramonona mudofaa qilinishi. Chingizxon Xorazmshoxdar saltanati poytaxti Urganch (Gurganj)ni osongina, ortiqcha kuch ishlatmay olish ilinjida Muhammad Xorazmshohning onasi Turkon xotun huzuriga Hojib donishmandni elchi qilib yuboradi va shaharni jangsiz topshirsa unga Xorazm, Xuroson va Jayhunning narigi tarafi va ularga tutash joylarni berishga va’da qiladi. Ammo Turkon xotun o’g’li Muhammad Xorazmshohning qochganidan xabardor bo’lgach, o’g’lining xotinlari va bolalarini, uning xazinasi va qimmatbaho ashyolarini olib, shaharni tashlab ketgan. Hokimsiz qolgan Urganch ahli sarosimada qolgan. Shaharda hokimiyatni Ali Kuhiy Darug’on ismli bir firibgar o’z qo’liga olgan, natijada, tartibsizliklar yanada kuchaygan, o’zaro janjal va bosqinchiliklar boshlangan, fuqaro va devon mollari talon-toroj qilingan. Bir oz vaqtdan so’ng davlat devonining oliy mansabdorlari Mushrif Imomiddin va Sharafiddin ko’ppak Urganchga qaytib kelib, o’lgan Xorazmshoh nomidan soxta vakolatnoma xati tuzib, hokimiyatni egallashgan. Shundan so’ng shaharda bir oz tartib o’rnatilgan. Tez orada Urganchga Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi bilan uning ukalari O’zloqshoh va Oqshoxlar kelishgan. Biroq sobiq valiahd O’zloqshohning tarafdorlari Jaloliddinning davlat taxtiga bo’lgan haqini tan olishmagan. Ular Turkon xotunning ukasi Xumor teginni Sulton deb e’lon qilishgan. Xumor Tegin va Amirlardan o’g’ul Hojib, Shayxxon, Er Bug’o Paqlavon va Qutlug’xonning qo’l ostilarida 90 ming turkiy askarlar bor edi. Bu amirlar Jaloliddinga suiqasd uyushtirishgan, lekin, u bundan avvaldan ogoh bo’lgani sababli Temur Malik boshchiligidagi 300 askar bilan Urganchni tark etgan. 3 kundan so’ng mo’g’ullar yaqinlashib kelayotganini eshitgan O’zloqshoh va Oqshohlar ham shaharni tashlab ketishgan. Shaharni dastlab Chingizxonning o’g’illari O’qtoy va Chig’atoy boshchiligidagi 100 ming kishilik qo’shin qamal qilgan. Mo’g’ullar o’sha zamonning eng mukammal qurolaslahalaridan foydalanishgan. Mo’g’ullar harbiy hiyla ishlatib askarlarining bir qismini pistirmada qoldirib, oz sonli qo’shin bilan hujumga o’tganlar. Shahardan ko’plab otliq va piyoda guruhlar chiqib «chekinayotgan» mo’g’ullarni ta’qib eta boshlagan. Urganch yaqinidagi bog’i Xurram bog’lari yonida pistirmadagi mo’g’ul qo’shini Urganch askarlarini o’rab olib, minglab kishilarni qirib tashlashgan, shaharliklarning ko’pchiligi o’g’ul Hojib boshchiligida qurshovdan chiqib Xurosonga qochib ketgan. Mo’g’ullar xorazmliklarning qochganlarini quvib Qobilon darvozasi orqali Urganchning tashqi devorlarining ichiga kirganlar. Lekin ular shahar aholisining qattiq qarshiligiga duch kelganlar va shahardan butunlay haydab chiqarilganlar. Ertasi kuni mo’g’ullar Qobilon darvozasi orqali hujumga o’tishgan, lekin Amir Faridun G’uriy askarlari tomonidan uloqtirib tashlangan. Urganch qamali cho’zilib ketgan, Chingizxon katta o’g’li Jo’jini yordamga yuborgan. Jo’ji otasi unga butun Movarounnahrni mulk sifatida va’da qilgani uchun, boy shahar Urganchni, unga zarar yetkazmay qo’lga kiritishga harakat qilgan. Shuning uchun shaharliklar oldiga o’z elchisini yuborib, shaharni g’oliblarnint rahm-shafqatiga topshirilishini taklif etgan. Biroq Chig’atoy akasiga e’tiroz bildirib, Urganchni vayron qilinishini talab qilgan. Mo’g’ullarning qamali 7 oy davom etgan. Chingizxon o’g’illari orasidagi raqobatni bartaraf etish uchun barcha qo’shin va shahzodalarni O’qtoyga bo’ysundirgan. Shundan so’ng mo’g’ullar shaharga qattiq hujum uyush- tirganlar. Xumor Tegin va uning mulozimlari shahar darvozalarini ochib taslim bo’lishga qaror qilishgan. Mo’g’ullar shaharga yopirilib kirib, 7 kun davomida aholi bilan ko’cha janglari olib borganlar, bosib olingan uy va binolarni buzib, neft bilan yondirib borishgan. Mo’g’ullar mahallama-mahalla bosib borganlar, faqat 3 ta mahalla qolganda Xorazm muhtasibi faqih Alouddin al-Hayyot boshchiligidagi shahar elchilari omonlik so’rashgan. Biroq mo’g’ullar iltimosnirad etishgan. Ular shaharning tirik qolgan barcha aholisini shahar tashqarisiga chiqarib, Mo’g’ulistonga yuborish uchun 100 mingga yaqin hunarmandlarni ajratib olganlar, so’ngra mo’g’ullar Urganchning barcha tirik qolgan aholisini qatl etganlar. Aholidan o’ch olib bo’lgach, mo’g’ullar shaharni rejali ravishda vayron qilishga o’tgan. Ular Amudaryodagi to’g’onni buzib, shaharni suvga bostirganlar. Noyob madaniy yodgorliklar, kutubxonalar vayron qilingan. Urganch mudofaasidan so’ng mo’g’ullar harbiy harakatlarni Xurosonga ko’chirganlar. Ad.: Buniyodov Z. Anushtagin Xorazmshohlar davlati (1097-1231), T., 1998; Shixab addin Muxammad annasavi, Jizneopisanie Sultana Djalal addina Mankburni, Baku, 1973.