Uzun tumani
Uzun tumani — Surxondaryo viloyatidagi tuman, 1942 yil 12 yanvarda tashkil etilgan. 1959 yil 15 oktabrda Sariosiyo tumaniga qo’shib yuborilgan, 1991 yil 29 martda qayta tuzildi. Uzun tumani shimoli g’arbdan Sariosiyo tumani, Sharq, Janub, shimoldan Tojikiston, Janubi g’arbdan Qumqo’rg’on, g’arbdan Denov, Sho’rchi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,33 ming km2. Aholisi 128,0 ming kishi (2004). Tumanda 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Bobotog’, Joncheka, Oqostona, Telpakchinor, Uzun, Fayzova, Xondiza) bor. Markazi — Uzun qishlog’i. Tabiati. Tuman viloyatning shimoli qismida joylashgan. Relefi, asosan, Oqostona maqbarasi. tog’ va adirliklardan iborat. Adirliklarning asosiy qismi Bobotog’ va Hisor tizma tog’lari etaklarida joylashgan. Tuman hududidan To’polondaryo, Obizarang, Qoratog’, Qorasuv, Surxon daryolari oqib o’tadi. Aholi va xo’jaliklar ekin maydoni shu daryolardan suv oladi. Bobotog’ massivi esa Kofarnihon daryosidan sug’oriladi. Tuman markazidan 70 kilometrcha uzoqlikdagi Hisor tog’lari etagida o’ndan ortiq qishloq joylashgan. Foydali qazilmalardan Xondizada (Hisor tog’lari etagi) polimetall va Xo’jaasminda marmar konlari bor. Tuman iqlimi mo’tadil, dehqonchilik uchun qulay. Yanvarning o’rtacha temperaturasi g—2°, iyulniki 35°. Eng yuqori temperatura 46°. Yillik yog’in 650-700 mm. Vegetatsiya davri 290-320 kun. Yovvoyi o’simliklardan archa, shuvoq, sho’ra, yantoq, tog’rayhoni, Anzur piyozi, ravoch; mevali daraxtlar (yong’oq, anor, o’rik, xurmo, tut, anjir, limon), shuningdek, tol, terak, qayrag’och, chinor o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, qobon, qoplon, ayiq, kiyik, jayra; qushlardan kaklik, g’oz, o’rdak, mayna, qarg’a, burgut, bedana, kaptar, bulbul, qaldirg’och, musicha bor. Aholisi: asosan, o’zbeklar (75,1%), tojiklar (22%), shuningdek, rus, tatar, qozoq, turkman, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2ga 56 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligida dehqonchilik yetakchi o’rinda. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash, temir-beton buyumlari, maxsus ixtisoslashtirilgan tajriba zavodlari hamda 7 ta savdo, 7 ta jamoat ovqatlanish, 4 ta aholiga maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori, 272 ta firma va kichik korxonalar, shuningdek, «UzunKomron» qo’shma korxonasi faoliyat ko’rsatib kelmokda. Tumandagi 9 ta shirkat xo’jaligidan 8 tasi paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashgan. Xondiza shirkat xo’jaligi bog’dorchilik va asalarichilik bilan shug’ullanadi. Tumanda 4 ta fermer xo’jaligi uyushmasi faoliyat ko’rsatadi. Uyushmalarda 620 dan ortiq fermer xo’jaligi bo’lib, ular qam paxtachilik va g’allachilik hamda chorvachilik bilan shug’ullanadi. Shuningdek, 77,2 ming gektar yer maydoniga ega bo’lgan o’rmon xo’jaligi hamda 6 ta suv havzasiga ega bo’lgan xususiy baliqchilik yo’nalishi bo’yicha 4 fermer xo’jaligi mavjud. Tuman xo’jaliklarida 5992 gektar yerga paxta, 4231 gektar yerga g’alla ekiladi. 1665 gektar yer bog’ (2004). 2003/2004 o’quv yilida 64 umumiy ta’lim maktabi (34,5 ming o’quvchi), 2 iste’dodli bolalar maktab-internati (375 o’quvchi), ixtisoslashtirilgan maktab-internati (225 o’quvchi), qishloq xo’jalik va maishiy xizmat ko’rsatish kasbhunar kollejlari (1,2 ming o’quvchi) faoliyat ko’rsatdi. 80 jamoat va bolalar kutubxonasi, 8 klub, madaniyat uyi, «Xotira va qadrlash» madaniyat va istirohat bog’i, muzey ishlab turibdi. «Turon» stadioni, tennis korti bor. Uzun tumanida 4 kasalxona (410 o’rin), 21 ambulatoriya, 19 feldsherakusherlik punkti, 11 qishloq vrachlik punkti, 15 xususiy dorixona va boshqa tibbiy muassasalarida 231 vrach va 1141 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman markazidan Uzun — Toshkent, Uzun—Termiz, Uzun — Denov va boshqa yo’nalishlarda avtobuslar qatnaydi. 1952 yildan tuman «Bobotog’tongi» gazetasi chop etiladi.