London, katta London
London, katta London — Buyuk Britaniya poytaxti, mamlakatning muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Temza daryosining quyi oqimida, Shimol dengizdan 64 kilometr masofada, London havzasi deb ataluvchi tekislikning Markaziy qismida joylashgan. Poytaxt atrofidagi shaharlar va Siti bilan ma’muriy jihatdan alohida metropoliten grafligi qilib ajratilgan katta Londonni tashkil etadi. Aholisi 7 million kishi (1999). Iqlimi qishi yumshoq, yozi unchalik issiq bo’lmagan dengiz iqlimi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 5,3°, iyulniki 18,9°. Yillik o’rtacha yog’in 645 mm. Rimliklar bosib olgunga qadar (milodiy 40-60-yillar) hozirgi London o’rnida keltlar qishlog’i bo’lgan. Rimliklar hukmronligi davrida London dastlab harbiy lager, so’ng daryo va dengiz porti bo’lgan. 4-asr o’rtalaridan Rim Britaniyasining muhim siyosiy markazi. Anglo-sakslar istilosi davrida (5-6-asrlar) shahar vayron qilingan va tezda qayta tiklangan. 7-asr boshlaridan muhim savdo va siyosiy markazga aylangan. 11-asr oxiri- 12-asr boshlarida London Angliyaning rasmiy poytaxtiga aylandi. 16-asrda kapitalistik munosabatlarning rivojlanishi bilan Londonda yirik savdo kompaniyalari vujudga keldi; 1571 yilda London birjasi ochildi. Angliya savdosining 2/3 qismi o’tadigan London porti jahon ahamiyatiga ega bo’la boshladi. Sanoatning jadal rivojlanishi va Buyuk Britaniyaning muhim sanoat, savdo va moliyaviy jihatdan qudratli davlatga aylanishi (18-asr oxirlari) Londonning dunyodagi yirik dengiz porti, savdo va moliyaviy markaz sifatidagi ahamiyatini oshirdi. 1-jahon urushi va undan keyingi davrlarda Londonda metallsozlik, mashinasozlik, jumladan, avtomobilsozlik, aviatsiya, elektrotexnika kabi yangi sanoat tarmoqlari rivojlandi. 2-jahon urushi davrida London nemis-fashistlar aviatsiyasi tomonidan bombardimon qilingan. O’sha davrda harbiy sanoat, ayniqsa, aviatsiya, kimyo va boshqa sanoat tarmoqlari rivojlandi. London — Buyuk Britaniyadagi tinchlik uchun kurash markazlaridan. 1949 yildan boshlab, shaharda tinchlikni himoya qilish bo’yicha milliy Kongress va konferentsiyalar chaqiriladi. London — diplomatik uchrashuvlar, Majlis va xalqaro konferentsiyalar o’tkaziladigan joy. London — xalqaro ahamiyatga ega transport yo’llari tuguni. Temza daryosining shimol dengizga quyilish yeridagi yirik port (yillik yuk ortib-tushirish 60 million tonna). Xitrou va Gatuik aeroportlari xalqaro ahamiyatga ega. Katta London mamlakatdagi ishlab beruvchi sanoat mahsulotining qismini beradi. Shaharda poytaxt aholisi ehtiyojlarini ta’minlash, London porti orqali keltiriladigan xom ashyo va materiallarni qayta ishlash bilan bog’liq sanoat tarmoqlari ayniqsa rivojlangan. Mashinasozlik (avtomobilsozlik, aviasozlik, priborsozlik), shuningdek, elektrotexnika va radiotexnika sanoati korxonalari bor. Stanoksozlik va kema ta’mirlash ham muhim ahamiyatga ega. Chetdan keltiriladigan xom ashyo hisobiga rangli metallurgiya, neftni qayta ishlash va kimyo sanoati korxonalari ishlab turibdi. Tikuvchilik, ko’n-teri, poyabzal, mebel, poligrafiya, farmasevtika, tsement, oziq-ovqat va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Harbiy sanoat rivojlangan. London porti orqali chetga sanoat mahsulotlari chiqariladi, chetdan neft, oziq-ovqat, o’rmon mahsulotlari va boshqalar keltiriladi. Londonda dunyoda eng birinchi metropolitan qurilgan (1860-63). Londonda turli moliyaviy, savdo, sug’urta kompaniyalari, banklar, savdo va fond birjalari, nashriyotlar, gazeta tahririyatlari, xalqaro va Britaniya monopoliyasi va xorij firmalari filiallari to’plangan. London — mamlakatning muhim madaniy markazi. Bu yerda London universiteti, Siti universiteti, politexnika institutlari, Qirollik drama san’ati akademiyasi, Qirollik musiqa akademiyasi, London Qirollik jamiyati, shuningdek, ko’pgina ilmiy jamiyatlar va muassasalar bor. Universitetlar qoshida yirik kutubxonalar mavjud. 30 dan ortiq muzey, jumladan, Britaniya muzeyi (1753), tabiat muzeyi, ilmiy muzey, geologiya muzeyi, London muzeyi, Milliy galereya va boshqalar, yirik kontsert zallari, teatrlar ishlab turibdi. London yagona markazdan emas, balki mustaqil shaharchalar va aholi punktlarining sekin-asta qo’shilib ketishidan tashkil topganligi bilan boshka yirik shaharlardan farq qiladi. Tarixiy markazlari — Vestminster (siyosiy idoralar, Vestminster abbatligi, Bakingem va Sent-Jeyms saroylari, yangi Vestminster sobori va boshqalar joylashgan) va Siti (bank, birja, yirik monopoliya idoralari o’rnashgan). Qadimgi binolar orasida gotika uslubida qurilgan Sautuork sobori (13-15-asrlar), Xemptonkort saroyi (1515-36, 1689-94) diqqatga sazovor. Vestminsterdagi Uest-endda mehmonxonalar, savdo ko’chalari, kollejlar, muzeylar, tomoshaxona-sayilgohlar joylashgan. Klassisizm, neoklassisizm namunalari saqlangan. Zamonaviy uslubda ko’plab binolar qurilgan. Londonda 1908 yilda 4-Olimpiya o’yinlari, 1948 yilda 14-Olimpiya o’yinlari o’tkazilgan.