Landshaft geokimyosi
Landshaft geokimyosi – 20-asrning 40-yillarida tabiiy geografiya va geokimyo fanlari tutashgan chegarada vujudga kelgan ilmiy yo’nalish. Kimyoviy elementlarning geografik landshaftlardagi migratsiyasi (qayta taqsimlanishi) ni geokimyo va biogeokimyo usullari bilan o’rganadi. Landshaft geokimyosiga B. B. Polinov, V. I. Vernadskiy, A. E. Fersman, V. V. Dokuchaevlar asos solgan. B. B. Polinov birinchi bo’lib Landshaft geokimyosi vazifasini aniqlab berdi, uni o’rganish metodlarini ishlab chikdi. Geokimyo nuqtai nazaridan landshaftlar yer yuzasining ayrim qismi bo’lib, ularda quyosh energiyasi ta’sirida atmosfera, gidrosfera va litosferadagi kimyoviy elementlarning migrasiyasi amalga oshadi. Landshaft geokimyosi atmosfera-o’simlik, o’simlik-tuproq, tuproq-suv, suv va jinslar, ya’ni landshaftlarning migratsiyasini tadqiq qiladi. Landshaft geokimyosi maxsus landshaftlar Geokimyosi xaritalarida o’z aksini topadi. Bunday xaritalarda ruda konlari uchrashi mumkin. Masalan, o’simlik, tuproq, suv va tog’ jinslarining tarkibini geokimyoviy o’rganish natijasida Armaniston, Janubiy Ural, Buryatiya va boshqa joylarda yangi konlar topildi. O’zbekiston hududida Landshaft geokimyosini o’rganish 1955-58 yillardan boshlandi. Bunda asosiy yo’nalish cho’l rayonlari o’simliklaridagi mikroelementlardan va bio-geokimyoviy usullardan ruda konlari qidirishda foydalanishga qaratilgan edi. Landshaftlar turining har birida kimyoviy elementlarning holati ularda mavjud bo’lgan tabiiy sharoitlar bilan belgilanadi. O’zbekiston hududi fizik-geografik va geologik xususiyatlarga ko’ra, 2 yirik landshaft — tekislik (cho’l) va tog’li rayonlarga bo’linadi. I. H. Hamroboyev rahbarligida Qizilqum, Nurota va Qurama tog’laridagi yer yuzasiga chiqmagan nodir va rangli metallarning o’sha xusuddagi o’simlik, tuproq va suv tarkibi bilan bog’liqligi o’rganildi. Muayyan konlardan darak beruvchi indikator o’simlik turlari aniqlanib, geokimyoviy maydonlar belgilanadi. Qurama tog’larning kumush, qo’rg’oshin, rux konlaridagi o’simlik va suvda marganes, titan elementlarini yig’uvchi bakteriyalarning ayrim turlari mavjudligi, oltin konlarida esa faqat titanni yig’uvchi bakteriyalar borligi aniqlandi. Ruda konlarini qidirib topishda, atrof muhitni muhofaza qilish muammolarini hal qilish, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi va boshqa sohalardagi Landshaft geokimyosining yangi usullaridan foydalanish juda muhimdir. Ad.: Predelman A. I., Geoximiya landshafta, M., 1975.