Lantsetniklar

Lantsetniklar (Branchiostoma, ya’ni Amphioxus) — bosh skeletsizlar kenja tipiga mansub xordalilar sinfi. Uzunligi 8 santimetrgacha, tanasi lantsetsimon, shaffof; xordasi tanasining oldingi uchigacha yetadi. 7 turi bor. Tipik vakili lantsetnik (Brachiostoma lanceolatum, ya’ni A. lanceolatus) mo’tadil va iliq suvli dengizlarda 10-30 santimetr chuqurlikda ko’milib yashaydi; kumdan tanasining oldingi qismi chiqib turadi. Plankton bilan oziqlanadi. Dum suzgichi lantsetga o’xshash (nomi shundan olingan). Terisi yalang’och (tangachalar bilan qoplanmagan). Dum suzgichidan boshqa suzgichlar bo’lmagani uchun faol harakatlanmaydi. Og’iz teshigi paypaslagichlar bilan o’ralgan. Ko’rish va eshitish organlari bo’lmaydi. Jabra yoriqlari 100 juft. Terisi ostida joylashgan Gess ko’zchalari yordamida yorug’likni sezadi. Ayrim jinsli. Uvildirig’ini suvga tashlaydi, tuxumlari suvda urug’lanadi. Lichinkasi erkin suzib yuradi. Lantsetniklarni ilk bor 1774 yilda rus olimi P. S. Pallas topgan va uni mollyuska (Umax lanceolatus) sifatida tavsiflangan. A.O.Kovalevskiy Lantsetniklarni eng tuban tuzilgan xordali hayvonligini ko’rsatib bergan. Lantsetniklar ko’pchilik dengizlarda, jumladan, Qora dengizda ham uchraydi. Lantsetniklar sanoat ahamiyatiga ega emas. Mahalliy xalqlar iste’mol qilishadi. Lantsetniklar xordalilarning kelib chiqishini tushuntirishda nazariy ahamiyatga ega.