Litogenez

Litogenez (lito… va genez) — cho’kindi tog’jinslarining hosil bo’lishi va keyingi o’zgarishidagi tabiiy jarayonlar majmui. Litogenezning asosiy omillari — tektonik harakatlar va iqlim. Litogenez to’g’risidagi ilk tushuncha 1893-94 yillarda nemis olimi I. Valter tomonidan kiritilgan. Litogenez tsiklida quyidagi 5 bosqichni ajratadilar: 1) yuza qatlam gipergenezi — dastlabki tub tog’jinsining fizik, kimyoviy jarayonlar ta’sirida parchalanishi, hosil bo’lishi va joydan joyga ko’chishi; 2) sedimentogenez — cho’kindilarning suv oqimi oxirgi manziliga yetib borishi va muqim cho’kishi; 3) diagenez — suvga to’yingan cho’kindining fizik-kimyoviy muvozanatlashuvi, uning turg’un holatdagi cho’kindi jinsga aylanishi bilan yakun topishi; 4) katagenez — chuqurlikka yotqizilgan cho’kindi jinsning temperatura va bosim ostida, ayrim hollarda gaz va turli tuzlarga to’yingan suv ta’sirida o’zgarishi; 5) metagenez, metamorfizm — tobora chuqurroqda joylashayotgan cho’kindi jinslar tarkibining o’zgarishi. N. M. Straxov Litogenezning gumid (sernam), muzlikli, arid (quruqlik) va Vulkanogen — cho’kindili tiplari mavjud ekanligini 1956 yil isbotladi. Gumid Litogenez sernam iqlimli rayonlarda quruqlik va dengizda; muzli Litogenez — muzliklar bilan qoplangan materiklarda; aridlisi quruq iqlimli materik va dengizlarda; vulkanogen cho’kindilisi — cho’kindisi harakatda bo’lgan vulkan atrofiga xosdir. Keyingi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar qadimgi geologik davrlarda gumid hamda arid iqlim Litogenez mavjudligini ko’rsatadi. Masalan, O’zbekiston va O’rta Osiyo hududlarida tarqalgan yura va bo’r davrlari yotqiziqlari orasidagi ko’mir, boksit va kaolin giltoshlar gumid Litogenezning, mezozoy va kaynozoy eralarida hosil bo’lgan qalin ohaktosh osh tuzi, gips-angidrid va qizil tosh qatlamlari esa arid (quruq va issiq) Litogenezning yorqin dalilidir. Litogenez bilan ko’p foydali qazilma konlari [ko’mir, neft, tabiiy gaz, temir, marganes rudalari, boksit (alyuminiy), fosforit va boshqalar] bog’liq.