Lokk (Locke) Jon

Lokk (Locke) Jon (1632.29.8, Rington — 1704.28.10, Ots) — ingliz faylasufi, liberalizm asoschisi. Asosiy falsafiy asari «inson aqli to’g’risida tajriba» (1690) inson bilimlarining kelib chiqishi, turlari va imkoniyatlarini tahlil qilishga bag’ishlangan. Lokk «tug’ma g’oyalar» va axloq tamoyillari haqidagi nazariyalarni tanqid qilib, barcha g’oyalar 2 asosiy manba — tashqi tajriba (sezgi) va ichki tajriba (refleksiya)dan kelib chiqadi, deydi. Lokk ta’limotiga ko’ra, tashqi tajribaning manbai sezgi a’zolarimizga ta’sir etuvchi ob’yektiv reallik, ichki tajribaning manbai esa kishining ichki hissi va kechinmalaridir. Lokk o’zining davlat haqidagi ta’limotida davlat faoliyati eng zaruriy narsalar bilan cheklanishi va xalq, suvereniteti asosidagi Konstitutsiyaviy hukumat bo’lishi lozim, deb hisobladi. Bu hukumat barcha uchun ozodlik va teng huquqlilikni kafolatlashi kerak. Shuningdek, hokimiyat bo’linishi lozim. Lokk axloqiy qarashlarida sensualistik asoslarga tayandi. Pedagogikaga oid «Tarbiy haqida ba’zi fikrlar» (1693) asarida tashqi muhitning tarbiyaga hal etuvchi ta’sirini ta’kidladi. Diniy mutaassiblikka qarshi chiqib, din erkinligiga da’vat etdi. Diniy bag’rikenglikka to’rt maktubini bag’ishladi (maktub 1689, 1690, 1692 va 1706 yillarda nashr etilgan). Lokkning ijtimoiy-siyosiy kontsepsiyasi tabiiy huquq va ijtimoiy shartnoma nazariyasiga tayanadi. U assotsiativ psixologiyaning asoschisi. Lokkning g’oyalari Yevropa falsafiy va ijtimoiy- siyosiy tafakkuri tarixida katta rol o’ynadi.