Limfadenit

Limfadenit (limfa va Yunoncha aden — bez) — limfa tugunlarining yallig’lanishi. Limfa tugunlariga yallig’lanish paydo qiluvchi mikroblar va ularning zahari tushganda shular asorati, ya’ni ikkilamchi kasallik sifatida ro’y beradi. Kasallikning qo’zg’atuvchisiga va yalliglanish xarakteriga ko’ra, Limfadenitning nomaxsus (odatdagi yiringli infektsiya) va sil, zaxm va boshqa yuqumli kasalliklarda kuzatiladigan maxsus xillari, shuningdek, kechishiga qarab o’tkir va surunkali Limfadenit farq qilinadi. Ko’proq bo’yin, qo’ltiq va chov sohasi limfa tugunlari yallig’lanadi. O’tkir Limfadenitda limfa tugunlari kattalashadi, shishadi, paypaslab ko’rilganda og’riydi, bemorning umumiy ahvoli aytarli o’zgarmasligi mumkin. Kasallik avj olganda bemorning t-rasi ko’tariladi, boshi og’riydi, madori quriydi, shishgan limfa tuguni ustidagi teri qizaradi va hokazolar. O’tkir Limfadenit o’tkazib yuborilgan hollarda surunkali tus oladi, bunda limfa tugunlari kattalashib, zichlashadi, faoliyati susayadi. Limfadenit og’ir asoratlarga sabab bo’lishi mumkin, shuning uchun darhol vrachga murojaat qilib, davolash zarur. Spesifik Limfadenitda unga sabab bo’lgan (sil, zaxm va boshqalar) kasallik davolanadi. Shuningdek, antibiotiklar va fizioterapevtik muolajalar buyuriladi, yiringli yallig’lanish bo’lganda jarrohlik usuli qo’llaniladi.