Linkoln qo’y zoti

Linkoln qo’y zoti – go’shti va juni uchun boqiladigan yarim mayin junli to’qol qo’ylar. 18-19-asrlarda Angliyaning Linkoln grafligida jaydari qo’ylarni Leyster qo’chqorlari bilan chatishtirib chiqarilgan. Qo’chqorlari 130-190 kilogramm, sovliqlari 80— 90 kilogramm. Qo’chqorlari yiliga 9-10 kilogramm, sovliklari 6-6,5 kilogramm jun beradi. Junining uzunligi 20-30 santimetr, bir xil, rangi oq, ipakdek tovlanuvchan, pishiq, 55-65% sof jun chiqadi. Tolasining ingichkalik sifati 36-44. 100 sovlikdan o’rtacha 120 qo’zi olinadi. 20-asrning 60-yillarida O’zbekistonda Parkent va Ohangaron tumani xo’jaliklarida Linkoln qo’y zoti ishtirokida jaydari qo’ylar negizida go’sht-jun yo’nalishidagi duragay va murakkab duragay (Linkoln qo’y zotini merinoslar bilan chatishtirishdan olingan duragaylardan foydalanib) qo’ylar olindi va ko’paytirildi, go’shtdor-jundor O’zbekiston qo’y zotini yaratish va uni takomillashtirish ishlari boshlandi. Bu duragay qo’y jaydari qo’ylarga qaraganda 2-2,5 marta ko’p jun beradi, uzunligi 13-16 santimetr. Ad.; Tapilskiy I.A., Toshkent viloyatida go’shtdor-jundor qo’ylarni ko’paytirish, T., 1969; Kiyatkin P.F., Prosess porodoobrazovaniya oves, T., 1964.