Ov itlari

Ov itlari — ovchilikda foydalanadigan maxsus it zotlari guruhi. Yer sharida 100 dan ortiq Ov itlari zoti bor. Qimmatbaho mo’ynali hayvonlar (olmaxon, suvsar, sobol), asosan, Ov itlari yordamida ovlanadi. Ov itlari zoti bir necha guruhga bo’linadi: laykalar — o’rmonli joylarda mo’ynali va tuyoqli hayvonlar (yovvoyi cho’chqa, Los, bug’u), shuningdek, o’rmon, o’rmondasht zonalaridagi yovvoyi, suvda suzuvchi parrandalarni ovlashda foydalaniladi. Laykalar ovlangan hayvon yoki parrandalarni qidirib topib, ovchi kelgunicha ushlab turadi. Tez yugurar tozilar — o’rmon, o’rmondasht zonalarida quyon, tulki, bo’ri, chiyabo’ri, silovsin va tuyoqli hayvonlarni ovlashda foydalaniladi. Ular, ovchi o’ljasini otmaguncha, vovullab hayvon izidan boraveradi. Tozilar — quyon, tulki, o’rmondasht, dasht va yarim cho’l rayonlarida mayda tuyoqli hayvonlarni ovlashda foydalaniladi. Tozilar katta, o’ziga xos tana tuzilishiga ega, kuchli it, ko’zi o’tkir, tez yugurishga moslashgan (20 m/sek gacha yugura oladi). Ular hayvonlarni quvib ushlab oladi (yoki bo’g’adi). Uya itlari (taksa, tererlar, fokstererlar) — inlaridagi tulki, bo’rsiq, enotsimon itlarni ovlash uchun foydalaniladi; ular inlaridagi hayvonlarni ovchi oldiga haydab chiqaradi yoki inida holsizlantiradi. Iskovuchlar (setter, poynterlar va boshqalar) — botqoq, o’rmon, dasht va suvda suzuvchi parrandalarni hidlab topib pisib yotgan joyini ovchiga bildiradi. Ovchining imosi bilan parrandani cho’chitib, otishga qulay qilib beradi. Spaniellar yerda pisib yotgan parrandalarni cho’chitib, uchiradi. Otilgan parrandalarni topib, ovchiga olib keladi.. Ad.: Posobie po sobakovodstvu, 2 izd., M., 1973.