Obduzd

Obduzd (fors, ob — suv va duzd — o’g’ri, talash) — o’rta asrlarda sug’orish tarmoqlari (shohariq, anhor, kanal) dan navbatdan tashqari suvni yashirincha bog’lab olish. Suv manbalarining etaklarida joylashgan yerlarda sug’orish mavsumida shohariklardagi suvni quyiga ochib yuborish ham Obduzd hisoblangan. Obduzdlik, ayniqsa, Zarafshon vodiysining quyi oqimida Qorako’l va Olot tumanlarida kam suvlik mavsumlarida tez-tez sodir bo’lgan. Buxoro vohasida iyul oyining oxiri va avg.ning boshida 5 kun davomida sug’orish tarmoqlariga bog’lab olingan suv «Obi talash», ya’ni janjalli suv deb yuritilgan. Chunki bu davrda suvga bo’lgan talab nihoyatda avj olib, Obduzdlik kuchaygan. Ad.: Muhammadjonov A., Quyi Zarafshon vodiysining sug’orilish tarixi (Qadimgi davrdan to XX asr boshlarigacha), T., 1972.