Valletta, La-Valletta
Valletta, La-Valletta —Malta davlati poytaxti, O’rta dengizdagi Malta orolining shimoli-Sharqiy sohilidagi qoyadan iborat yarim orolda joylashgan. Iqlimi O’rta dengizga xos, yozi issiq va quruq, qishi iliq va seryomg’ir (eng past temperatura 4°; eng yuqori temperatura 36°). Yiliga 500 mm yog’in yog’adi. Aholisi 7,9 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Dengiz porti. Xalqaro aeroport bor. Kemasozlik, kema verfi, oziq-ovqat. to’qimachilik, tikuvchilik, ko’n poyabzal sanoati korxonalari mavjud. Baliqovlanadi. Universitet (1762 yildan), muzeylar, milliy kutubxona, teatr bor. 16-18-asrlarga oid me’moriy yodgorliklar saqlangan. Shaharga 16-asrning 60-yillarida asos solingan.