Vahmaqush, inuya

Vahmaqush, inuya (Remiz pendulinus) — chittaklar oilasiga mansub qush. Mazkur urug’ning yagona turi, 10 tacha kenja turi bor. O’zbekistondagi eng mayda qushlardan, uzunligi 11 santimetr, vazni 10 grammcha. Rangi oqishdan to’q jigarrang va qoramtirgacha bo’ladi. Boshining ikki yonida qora yo’li bor. Pati mayin. Tumshug’i uzun va o’tkir uchli. Vahmaqush Yevropa va Osiyoning Janubda tarqalgan. O’zbekistonning hamma joyida (ko’proq qamishzorlarda) o’troq yashaydi. O’simlik tolalari va momiqlaridan tol va qamishlarning suvga osiliv turgan shoxchalariga kichkina osma uya soladi. 6-8 dona tuxum qo’yadi. Tuxumini faqat modasi bosadi. Tuxumdan 13-14 kunda jo’ja chiqadi. Jo’jalari 16-18 kunda uchirma bo’ladi. Vahmaqush zararkunanda hasharotlar va ularning lichinkalari bilan oziqlanib, qishloq xo’jaligiga foyda keltiradi.