Vahiy
Vahiy — Islom aqidasiga ko’ra, payg’ambarlarga farishtalar orqali Alloh tarafidan yuborilgan buyruq yoki ko’rsatmalar. Vahiy aniq va ravshan qilib aytilgan. Lekin ba’zi Vahiylar tushda ko’rilgan ishorat shaklida ham bo’lgan. Masalan, hazrat Ibrohim (as)ning tushida «o’g’ling Ismoil (as) ni qurbonlik qil» deb buyurilgani ham Vahiy deb hisoblanadi. Vahiy Muhammad (sav)ga farishta hazrat Jabroil orqali nozil bo’lganligi Qur’oni karimda keltirilgan. «Unga (bu vahiyni) bir kuchga to’lgan, sohibi qudrat (ya’ni Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir. Bas, u (avval) yuksak ufqda (ko’rinib), tik turdi. So’ngra yaqinlashib, pastladi. Bas, (Muhammad alayhissalomga) ikki kamon oralig’ida yo (undanda) yaqinroq bo’lib. (Alloh) o’z bandasi (Muhammad alayhissalom)ga tushirgan vahiyni keltiradi» (53:5-10). Pravoslavie va katolitsizmda ham muqaddas kitoblar, muqaddas rivoyatlar Xudo tomonidan Vahiy qilingan deb talqin etiladi. Vahiyni Alloh Ilhom shaklida ham nozil qilgan. Buni ayrim avliyolarning hayotida uchratish mumkin. Biroq avliyolar ilhomni o’zlariga shaxsiy ko’rsatma deb, Vahiyni esa payg’ambarlar xalqqa yetkazishi lozim bo’lgan ko’rsatma deb qabul qilganlar. Johiliyat davrida (islomdan avval) butparast arablar Ka’ba ichiga Hubal nomli butni o’rnatib, undan Vahiy (ko’rsatma) olganliklarini da’vo qilib kelganlar va shu tariqa go’yo o’zlarining kundalik muammolarini hal qilganlar. Islom davrida Hubal sindirib tashlandi. Vahiyning faqat payg’ambarlarga nozil bo’lishi musulmonlik e’tiqodini mustahkamladi. Bu borada har xil bid’at va xurofotlarni keltirib chiqarish va dinga zararli bo’lgan turli qo’shimchalarni kiritish man qilindi. Diniy tushuncha bo’yicha Vahiy ilohiy bir kuch sifatida insonlarga to’g’ri yo’l ko’rsatish manbai bo’lib xizmat qiladi. Abdulg’ani Abdullo.