Virusli gepatit

Virusli gepatit – o’tkir yuqumli kasallik; jigar hujayralarining zararlanishi, umumiy intoksikasiya belgilari, teri va shilliq qavatlarning sarg’ayishi, peshobning to’q sariq yoki «pivo»ga o’xshash, najasning oqimtir tusga (gilvata rangiga) kirishi, jigar, ba’zan taloqning ham kattalashishi bilan ifodalanadi. Virusli gepatit deganda bir-biriga o’xshash olti xil gepatit tushuniladi, bular A, V, S, D, E, G viruslari qo’zg’atadigan kasalliklardir. Ular yuqishiga qarab og’iz orqali (A, E) va parenteral yo’l bilan yuqadigan (B, S, D, G) xillarga ajratiladi. A va E virusli gepatitlarda viruslar bemorning axlati orqali tashqariga chiqadi. Shuning uchun axlat, suv, oziq-ovqat mahsulotlari, bemor foydalangan buyum va narsalardan ifloslanish juda xavfli hisoblanadi. Parenteral yo’l bilan yuqadigan Virusli gepatitlar shpris, igna va boshqa tibbiy asboblarni yetarli zararsizlantirmaslik oqibatida, shuningdek qon va qon preparatlari quyish hamda turli tibbiy muolajalar (ginekologik, stomatologik va boshqalar) vaqtida yuqishi mumkin. Virusli gepatitlar davriy kechishi bilan xarakterlanadi, uning yashirin, boshlang’ich, avj olgan, orqaga qaytish va sog’ayish davrlari ajratiladi. Kasallikning yashirin davri uning turiga qarab har xil: A va E virusli gepatitlarda 7 kundan 60 kungacha, parenteral yo’l bilan yuqadigan xillarida 2 haftadan 6 oygacha, ba’zan 1 yilgacha davom etishi mumkin. Virusli gepatitlar yengil, o’rta va og’ir, shuningdek asoratsiz va asoratli, o’tkir, surunkali hamda vaqt-vaqti bilan qaytalanib turadigan shakllarda kechadi; ba’zan aralash xillari ham kuzatiladi. Homilador ayollar va bolalarda kasallik og’irroq kechadi. Virusli gepatitlarning shakli-shamoyili turlicha: grippga o’xshash, dispeptik, asteno- vegetativ, artralgik alomatlar, aralash sindromlar bilan hamda latent (klinik belgisiz). Kasallik grippga o’xshab boshlanganda bemor to’satdan qaltiraydi, eti uvishadi. boshi og’riydi, harorati ko’tariladi, a’zoyi badani qaqshaydi, yo’taladi va hokazolar. Dispeptik alomatlar bilan boshlanganida bemor ko’ngli aynib qusadi, me’da sohasida bir oz og’riq bo’ladi, ba’zan ichi ketadi; uning madori qurib, ishtahasi pasayadi, o’ng qovurg’asi ostida og’riq paydo bo’ladi. Astenovegegativ alomatlar bilan boshlanganda bemorning boshi aylanadi, og’riydi, ko’p terlaydi, o’ta injiq, yig’loqi bo’lib qoladi. Virusli gepatitlarning boshlang’ich davri qanday sindrom bilan kechishidan qat’i nazar, shu kasallikka xos 3 belgi kuzatiladi: 1) siydikning pivo rangida bo’lishi; 2) axlat rangining oqarishi; 3) ko’pchilik (deyarli 90%) hollarda jigarning kattalashishi. Kasallikning «sariqlik davri» ham o’ziga xos tarzda kechadi. Ko’z oqi sarg’ayishi bilan Virusli gepatitning avj olgan davri boshlanadi; A shaklida bemor sarg’ayishi bilan uning ahvoli ancha yengillashib tuzalinqiraydi. Parenteral yo’l bilan yuqadigan Virusli gepatitlarda, og’iz orqali yuqadiganlariga nisbatan sariqlik davri uzoqroq cho’ziladi, bemor tezda tuzalavermaydi, darmoni quriydi, ko’ngli ayniydi, ba’zi hollarda badani qichiydi (xolestatik xili). Virusli gepatitlarning xiliga qarab uning klinik alomatlari turlicha namoyon bo’lishi mumkin: sariqsiz o’tadigan shaklida pigment almashinuvi buzilmaganligi sababli bemor sarg’aymaydi, siydigi va axlatining rangi o’zgarmaydi, qonda bilirubin miqdori me’yorida bo’ladi. Bilinar-bilinmas belgilar bilan o’tadigan shaklida bemorning ko’zi qisqa muddat sal sarg’ayadi, bilirubin miqsori ham tezda o’z asliga keladi. Subklinik shaklida klinik belgilar deyarli kuzatilmaydi, uni faqat laboratoriya tekshiruvlaridan bilish mumkin. Virusli gepatitning virus tashib yuruvchilik shakli ancha murakkab, u yashirin holda kechib, bora-bora surunkali tus oladi. Kasallikning surunkali xili ancha ogir asoratlarga (o’tkir jigar entsefalopatiyasi, gemorragik, shish-assitik sindrom va boshqalar) sabab bo’lishi mumkin. Virusli gepatit tashhisi (diagnozi) asosan bemordan olingan ma’lumotlar, kasallikka xos alomatlar, qon tahlili va boshqalar asosida qo’yiladi. Virusli gepatitning boshlang’ich davri dispeptik, kataral va soxta revmatoid sindromlarda kuzatiladigan belgilarga o’xshab ketganligi bois, uni ana shu kasalliklardan farqlay bilish lozim. Virusli gepatitlarning oldini olishda shaxsiy gigiena qoidalariga bekamu ko’st amal qilish, kasallikni o’z vaqtida aniqlab, bemorni kasalxonaga yotqizish va u bilan yaqin bo’lganlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish hamda u tutgan idish-tovoq va buyumlarni dezinfektsiya qilish muhim. Kasalxonadan chiqqan bemorlar ma’lum muddat dispanser nazoratida bo’lishlari lozim. Kasallikning oldini olish maqsadida A va V gepatitlarga qarshi vaktsinasiya qilinadi (emlanadi). U yangi tug’ilgan chaqaloqlarga, 2-marta esa 1 oyligida teri ostiga yuboriladi. Revaktsinasiya bola 6 oyligida o’tkaziladi. Emlash natijasida 95% bolalarda kasallikka qarshi immunitet paydo bo’ladi; epidemiologik jarayonlarga qarab kattalarga ham vaktsina yuboriladi, u birinchi bor qilingandan keyin oradan 1 oy va 6 oy o’tgach qayta emlanadi. Emlash natijasida immunitet paydo bo’lib, u 15— 20 y.gacha saqlanadi va kasallik tarqalishining oldini oladi, virus tashuvchilik himoyalanadi. Profilaktika maqsadida bolalarga gammaglobulin (normal immunoglobulin) dan ukol qilinadi. Davolash asosan bemorning umumiy ahvoli va kasallikning klinik belgilariga qarab olib boriladi; yengilroq xilida deyarli dori-darmonlar berilmaydi, kun tartibi va parhezga rioya qilish tavsiya etiladi. Kasallikning boshqa shakllarida ham parhez va kun tartibiga amal qilishdan tashqari, glyukoza, vitaminlar, tuzli eritmalar, qon hamda plazma va qon o’rnini bosuvchi suyuqliklar, zarur hollarda gormonlar, antibiotiklar va hokazolar buyuriladi. Bemorga vitaminlar, uglevodlar, oqsilga boy ovqatlar, shuningdek turli meva sharbatlari beriladi. Shavkat Nazarov.