Vobkent minorasi
Vobkent minorasi — Buxoro viloyati Vobkent sh.dagi me’moriy yodgorlik (12-asr). O’n ikki qirrali supa asosga o’rnatilgan g’o’la (quyi qismining diametri 6,19 metr, yuqori qisminiki — 2,81 metr) shaklida rangdor, pishiq g’ishtlardan qurilgan. Bir paytlar yonida mavjud bo’lgan masjid tomonidan kirib, yuqoriga aylanma zinapoya orqali chiqilgan. Bo’rtma naqshli 10 belbog’ bilan qismlarga ajratilgan, har bir qismi bir-biriga o’xshamaydigan qilib g’isht terib naqshlangan, quyisidagi naqshlar orasida qurilgan yili va qurdirgan shaxs (Sadr Burhoniddin Abdulaziz II) ning nomi kufiy uslubida yozilgan. Minoraning uchi kengaytirilib, qafasa ishlangan (diametri 3,66 metr), g’isht terib ishlangan 10 ravoq orasida 10 darcha hosil qilingan, darchalarning quyisi g’isht panjara bilan to’silgan. Minoraning tashqi ko’rinishi ko’p jihatdan Minorai kalonga o’xshaydi, lekin muqarnaslari ancha sodda. Minora supasi tuproq ostida qolgan, qurilgan paytida uning balandligi 2,3 metr bo’lganini arxeologik tadqiqotlar ko’rsatadi. Minoraning umumiy balandligi esa 40,3 metr.