AKADEMIYA

AKADEMIYA (yun. akademos – afsonaviy qahramon Akadem nomidan) — ko‗pgina ilmiy muassasa, jamoat tashkilotlari, o’quv yurtlarining nomi. Miloddan avvalgi IV asrda Platon (Aflotun) asos solgan yunon falsafiy maktabi, Afina yaqinidagi joy ham uning nomi bilan atalgan. Sharq mamlakatlarida Akademiya tarzidagi muassasa va jamiyatlar VIII-IX asrlarda tarkib topa boshlagan. Xususan, arab xalifaligida Horun ar-Rashid hukmronligi davri (786-809) da «Bayt ul-hikmat» («Hikmat xonasi»)ga asos solinib, xalifa Ma‘mun hukmronligi davri (813-833)da «Bayt ul-hikmat»ning faoliyati yanada rivoj topgan, uning rasadxonasi va katta kutubxonasi bo‗lgan (buyuk matematik Muso Xorazmiy va astronom Ahmad Farg’oniy shu yerda ishlagan). Mashhur olim va shoir Ibn Xamdon (935-yil vafot etgan) Mosul shahrida kutubxonali «Dor ulilm» («Ilm uyi») ochgan va bu joy ilmga intilganlarning kirishi uchun bemalol bo’lgan. Bunday Akademiyalar Bag’dodda, shundan Misrda ham ochilgan. 1010-yilda Urganchda Mamun akademiyasiga asos solingan. Abu Rayhon Beruniy shu Akademiyaning rahbari bo’lgan (bu Akademiya doirasida Abu Ali ibn Sino, faylasuf Abu Saxl Masihiy, tabib Abulhasan Hammor va boshqalar ish olib borishgan). Amir Temur tomonidan Samarqandda to’plangan olim, yozuvchi va me‘morlar XV asr fani va madaniyati taraqqiyotiga munosib hissa qo’shganlar. Ulug’bek madrasasi va rasadxonasi ham o’z davrining Akademiyasidir; bu A. Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid al-Koshiy, Ali Qushchi va boshqalar buyuk matematik hamda astronomlarni birlashtirgan. XV asrning 2-yarmida ilmiy va madaniy markazga aylangan Hirotda, Navoiy atrofida olim, yozuvchi, rassom, sozanda va boshqalardan tarkib topgan o’ziga xos ilmiy va badiiy jamiyat yuzaga kelgan. Hirot miniatyura maktabinn o’rta asr Sharqida davlat tomonidan ta‘sis etilgan birinchi badiiy Akademiya deb hisoblash mumkin (Behzod shu Akademiyaning eng yirik vakilidir). XV-XVI asrlarda Yevropada (Italiyada) turli ilmiy jamiyatlar Akademiya deb atala boshlagan; ularning faoliyati asosan ijtimoiy fanlar yo’nalishida bo’lgan. XVII asrda bir qancha ilmiy jamiyatlar – Akademiyalar tuzilib, ular asosan tabiatshunoslik masalalari bilan shug’ullangan. XVII asrning 2-yarmidan davlat hokimiyati yordami bilan bir qancha mamlakatlarda milliy ilmiy markaz sifatidagi Akademiyalar tuzildi; masalan, Londondagi Qirollik jamiyati (1660), Parij FA (1666), Berlindagi Prussiya FA (1700), Peterburg FA (1724). Hozirgi vaqtda kompleks turdagi FA yoki ularga o’xshash muassasalar ko’p mamlakatlarda bor; bu mamlakatlarning ko’plarida fan yoki madaniyatning biror tarmog‗ini qamragan soha Akademiyalari ham mavjud. O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga 1943-yil 4-noyabrda asos solingan, u mamlakatning oliy ilmiy tashkiloti hisoblanadi, ilm-fan soxalari bo‘yicha ko‘plab markazlari faoliyat yuritmoqda.