BAQAQURILLOQLAR

BAQAQURILLOQLAR (Hylidae) -dumsiz amfibiyalar turkumining oilasi. 35 uruqqa bo’lingan, 580 turi bor. Yer yuzining hamma qismida uchraydi, tropik Amerika va Avstraliyada ko’proq tarqalgan. O’zbekistonda uchramaydi. Baqaqurilloqlar, asosan, daraxtlarda yashaydi. Shuning uchun ular daraxt baqasi deb ham ataladi, barmoqlarining uchidagi disksimon yumshoq bezli plastinkasi Baqaqurilloqlarning daraxt shoxi va bargiga yopishib turishiga yordam beradi. Xaltachali baqaqurilloq (Notatrema marsupiatum) mini urg’ochisi 200 tacha tuxumini orqasidagi xaltachada olib yuradi. Tuxumidan chiqqan itbaliqlari metamorfoz davrini suvda tugallaydi. Boshqa bir turi (N. oviferum) baqaga aylangandan keyin ona xaltachasidan chiqadi. Temirchi baqaqurilloq (Hyla faber) tuxumini hasharotlardan saqlash uchun ko’lmak suv yoki nam yerda «qo’ra» yasab, shunga quyadi. Fillomeduza kabi ba’zi turlari suv tepasida osilib turgan o’simlik barglarini naycha qilib o’raydi va uning ichiga yig’ilgan suvga tuxum qo’yadi. Rossiyaning janubida, Ukraina va Kavkazda oddiy Baqaqurilloqlar yoki daraxt baqasi (Hyla arborea) yashaydi. Daraxt baqasining tanasi 4 — 5 santimetrcha, rangi ko’m-ko’k bo’lib, o’zgarib turadi. Yirik bargli daraxtlar va butalar ustida hayot kechiradi. Uvildiriq tashlash uchun suvga tushadi. Uzoq Sharqda yapon baqaqurillog’i (Hyla japonica) tarqalgan.