Barokko
Barokko (italyancha barocco-ajib, g’alati)-XVI asr oxiri-XVIII asr o’rtalarida Yevropa va Amerika san’atidagi asosiy uslublardan biri. Yevropada millat va milliy davlatlar jadal shakllanayotgan davrda Uyg’onish davri badiiy madaniyati va sub’yektiv his-tuyg’ularni ifodalovchi manyerizm o’rniga vujudga keldi. Aristokratiya va cherkov bilan bog’liq bo’lgan. Barokko san’ati ularning shon-huhratini oshirishga hamda targ’ib etishga qaratilgandi. Barokko san’atiga antifeodal chiqishlar, milliy ozodlik harakatlari o’z ta’sirini ko’rsatib, unga demokratik isyonkorlik ruhini kiritdi. Barokko uslubida qurilgan me’moriy majmualar faozfiy yechimi, mayda me’moriy bezaklarga mo’lligi va yagona g’oyaga bo’ysunishi bilan ajralib turadi. Me’morlar shahar ko’cha va maydonlariga, u yerdagi mavjud qurilishlarga ulug’vorlik berish uchun turli optik va boshqa qonunlarga murojaat qiladilar, teskari perspektiva qonunlaridan foydalaniladilar. Tasviriy san’atda diniy, mifologik va majoziy mavzulardagi bezak mujassamotlar, tantanavor dabdabali portretlar keng o’rin egallaydi. Barokko Italiyada rivojlanib, Yevropaga keng yoyildi. Keyinroq esa yevropaliklar bosib olgan qit’a va mintaqalarga ham bu san’at ta’siri kirib bordi.