BATAL JANRI
BATAL JANRI (Fransuzcha bataille -jang) — tasviriy san’atning urush va harbiy hayot mavzularini aks ettirishga bag’ishlangan janri. Jang ko’rinishlari, harbiy yurishlar, qurolli kuchlarning hayotini tasvirlash Batal janrida asosiy o’rinda turadi. Aniq jang lavhasini ifodalash, uning mazmunini ochib berilishi bu janrni tarixiy janrga yaqinlashtiradi. Tasviriy san’atda jang lavhalari tasviri juda qadimdan mavjud. Podsho, Fir’avn, shoxlarning zafarli yurishlarining tasvirlari Qadimgi Sharq san’atida, miniatyuralarda, Xitoy va Kampuchiya devoriy rasm va bo’rtma tasvirlari va boshqalarda ko’p uchraydi. Yevropa tasviriy san’atida Batal janri Italiya rassomlari (P. Uchchello, Pero della Franchesko va boshqalar) ijodida o’z ifodasini topdi. 15 — 16-asrlardan janr sifatida shakllandi. Rassomlar jang ko’rinishlarini tasvirlab, urushning kishilarga qanchalar ofatlar va baxtsizliklar keltirishini yorqin lavxalarda ko’rsatdilar. Frantsuz inqilobi (1789 — 94) va Napoleon yurishlari ham ko’pgina rassomlar ijodida o’z ifodasini topdi (A. Gro, T. Jeriko va boshqalar), ispan rassomi F. Goyya, frantsuz rassomi E. Delakrua bu janrda salmoqli asarlar yaratdi. Rus san’atida Batal janri. 18-asrdan rivojlanish bosqichiga o’tdi. Rus rassomlaridan V. Vereshchagin rus qo’shinlarining Turkistonni mustamlakaga aylantirish yo’lidagi urush harakatlarida qatnashib, urush ofatlarini gavdalantirgan «Turkiston» turkumini yaratgan. 20-asrga kelib jahon urushlari davrida yaratilgan, urush dahshatlari, xalq boshiga tushgan kulfatlar, ozodlik uchun kurash g’oyalarini aks ettirgan asarlarda Batal janri, tarixiy va maishiy janrlar o’zaro uyg’unlashib ketdi. Ijtimoiy va milliy ozodlik harakatlari Batal janrida burilish yasadi, uning imkoniyat doirasini kengaytirdi, badiiy mazmunini boyitdi. O’zbek tasviriy san’atida bu janrning sarchashmalari qadimdan — arxeologik topilmalar (san’at namunalari) va miniatyura san’atida ko’rinadi. Qo’lyozma kitoblar bezagining ajralmas qismiga aylangan mo»jaz rasmlarda bazmlar, qabul marosimlari va boshqa lavhalar bilan bir qatorda jang lavhalarini tasvirlash qat’iy an’anaga aylangan. Behzod, Muhammad Murod Samarqandiy va boshqa musavvirlar jang lavhalarini o’ziga xos tarzda tasvirlagan. Shuningdek yozma manbalarda ta’kidlanishicha, Amir Temur saroyi devorlariga Sohibqironning qahramonlik yurishlarini aks ettirgan jang lavhalari ishlangan. 20-asr rassomlari ijodida milliy ozodlik uchun kurash, 2-jahon urushidagi xalqning jasorati, vatanparvarligi yorkin ifodasini topdi. M. Nabiyev, O’. Tansiqboyev, Z. Faxriddinov, A. Alimuhamedov va boshqa o’zbek rassomlari ijodida jang manzaralarini aks ettirgan asarlar, shuningdek mahobatli san’atda ham bu janrga mansub lavhalar bor (jumladan, Ch. Ahmarovning O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti binosidagi devoriy rasmlari, tempera, 1969). Ne’mat Abdullayev.