BATAREYA

BATAREYA (Fransuzcha batterie, batter — urmoq) — artilleriya qismlari va harbiy kemalarda 2 — 4 yoki undan ko’proq to’plardan iborat artilleriyaning birinchi o’t ochuvchi va taktik bo’linmasi. Ikkita o’t ochuvchi va bitta boshqarish vzvodidan iborat. Polk (divizion) tarkibida yoki alohida bo’lishi mumkin. Batareya yopiq va ochiq pozitsiyadan o’t ocha oladi. Artilleriyada to’p, gaubitsa, minomyot, havoga otadigan, tanklarga qarshi hujumda boshqariladigan reaktiv snaryadlar Batareyasi bo’ladi. Optik razvedka, meteorologiya, suratga olish, topografiya, radiotexnika, projektor va boshqa Batareyalar ham bo’ladi.

BATAREYA — bir xil turdagi elektr akkumulyatorlari, kondensatorlari yoki isitish radiatori, isitish asboblari hamda apparatlari va boshqalarning birgalikda ishlashi uchun ma’lum tizim asosida birlashtirilgan qurilma. Jumladan, akkumulyator elementlarini o’zaro ketma-ket, parallel yoki aralash sxemalarda ulab, akkumulyatorlar batareyasi hosil qilinadi. Ketma-ket ulashda uning elektr yurituvchi kuchi (EYUK) barcha elementlarining EYUK yig’indisiga, zaryadsizlanish toki esa bir elementnikiga teng bo’ladi. Parallel ulashda uning o’tkazuvchanligi va, demak, zaryadsizlanish toki ham oshadi. Aralash ulashda Batareyadan olinadigan quvvatni oshirish mumkin. Umuman, Batareya tuzishda ichki qarshiligi kichik bo’lgan elementlardan foydalanish maqsadga muvofiq. 1997 yil AQShda yaratilgan elektromobilda qo’llanilgan. Batareya uning 1500 kilometr masofani o’tishiga imkon beradi.