BATAT
BATAT, shirin kartoshka (Ipomoea batatas) — pechakdoshlarga mansub, ko’p yillik issiqsevar o’simlik. Vatani Meksika va Markaziy Amerika. Oziq-ovqat sifatida konserva, kraxmalqiyom va spirt sanoatida ishlatiladi. Qadimdan Xitoyda ham ekib kelingan. Yaponiya, AQSh, Ispaniya, Hindiston va 5 mamlakatlarda ekiladi, shuningdek Zakavkaze, O’rta Osiyo (Turkmaniston, Tojikiston) da o’stiriladi. Hosildorligi 200 — 300 tsentner/gektar. Batat kartoshkasi qalamchasidan ko’paytiriladi. Fevral—mart oylarida issiqxonalarda kartoshkasidan chiqqan o’simtalardan qalamcha tayyorlab, parniklarda ildiz ottiriladi. Ko’chatlari may oyida qator orasini 70 — 80 santimetr, qatordagi tup orasini 30 — 40 santimetr qilib o’tqaziladi. Ko’chat atrofi yumshatilib, o’g’itlab turiladi, 12-14 marta sug’oriladi. Sentabr— oktabr oylarida palagi o’rilib, keyin kartoshkasi kavlab olinadi. Palagi (ko’k holida, quritilgani, siloslangani) chorva uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi.