BILIM
BILIM — kishilarning tabiat va jamiyat hodisalari haqida hosil qilgan ma’lumotlari; voqelikning inson tafakkurida aks etishi. Kundalik tasavvurimizda nimaning nima ekanligiga ishonsak va bu ishonchimiz biz odatlangan voqea va hodisalarga (qoidalarga) zid kelmasa bunday ishonch Bilim hisoblanadi. Voqelik haqidagi bilgan ma’lumotlarimiz Bilim darajasiga ko’tarilishi uchun quyidagi shartlarni qanoatlantirishi lozim: birinchidan, bu ma’lumotlarning voqelikka mutanosibligi; ikkinchidan, yetarli darajada ishonarli bo’lishi; uchinchidan, bu ma’lumotlar dalillar bilan asoslangan bo’lishi lozim. Uchala shart birgalikda mavjud ma’lumotlarni Bilim darajasiga olib chiqadi. Inson ijtimoiy taraqqiyot jarayonida bilmasliqdan bilishga, mavhum Bilimlardan mukammal va aniq Bilimlar hosil qilish tomon boradi. Kishining moddiy dunyo to’g’risidagi Bilimi nisbiydir, u doimo rivojlanib boradi. Bilim kundalik tajriba, kuzatish orqali to’planadi. Bilimlarni tadqiq etuvchi ta’limot — epistemologiyada perseptiv (hissiy), hayotiy — kundalik (sog’lom aql) va ilmiy Bilim shakllari ajratib ko’rsatiladi. Ilmiy adabiyotlarda Bilimlarning ilmiy va ilmdan tashqari shakllari ham farq qilinadi. Ilmdan tashqari Bilimlarga madaniyat, adabiyot, san’at, mifologiya, din va shu kabi sohalarga oid Bilimlar kiradi. Odatdagi fan sohalarida tadqiq etiladigan Bilimlar ekzoterik (ko’zga tashlanuvchan) Bilimlar deb atalsa, astrologiya, va shu kabi sohalarga oid Bilimlar ezoterik (pinhoniy) Bilimlar deyiladi. Ekzoterik Bilimlar ilmfan qoidalariga zid kelmaydigan bo’lsa, ezoterik Bilimlar bunday qoidalarga zid kelishi mumkin. Baxtiyor To’rayev.