BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI

BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI (Al-Imora alarabiyya al-Muttahida), BAA — Arabiston yarim orolining sharqidagi davlat, 7 amirlik — Abu-Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Umm ul-Qayvayn, Al-Fujayra va Ra’s ul-Xaymadan iborat federatsiya. Fors va Ummon qo’ltiqlari sohilida joylashgan. Tub joy aholisi — arablar; aholining 70-75% boshqa Arab mamlakatlari, Hindiston, Pokiston, Eron, Bangladesh, Shri Lanka kabilardan kelganlar. Davlat tili — Arab tili. Maydoni 83,6 ming kilometr kvadrat, aholisi 2,7 million kishi (1999). Aholining 77,8% shaharlarda yashaydi. Poytaxti — Abudabi shahri. Davlat dini — Islom. Davlat tuzumi. Amaldagi Konstitutsiya 1996 yilda qabul qilingan. Hokimiyatning oliy organi — amirliklarning shayxlaridan iborat Oliy kengash. U o’z ichidan 5 yil muddatga davlat boshlig’i — prezidentni saylaydi. Ijroiya hokimiyatini bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Mamlakatda parlamentga o’xshash maslahat organi — Federal millat kengashi mavjud, u mamlakat qabilalari va urug’lari, savdo-sanoat doiralari va ziyolilarning nufuzli vakillaridan iborat. Uning barcha qarorlari Oliy kengash va prezident uchun tavsiya tusida bo’ladi. Tabiati. Dengiz qirg’ogi kam parchalangan. Sohilda sho’rxok botqoqyoki balchiqli yerlar ko’p. BAA hududining aksariyati — dasht tekislik, faqat sharqida 1127 metrgacha balandlikka ko’tariladigan toshloq plato bor. Yer osti mukammal o’rganilmagan. Neft, birmuncha mis va qo’rg’oshin rudalari, oltingugurt, qizil temir oksidi (oxra) konlari topilgan. Iqlimi — tropik, quruq. Yanvarda o’rtacha harorat 20° atrofida, iyulda 30° dan 35° gacha, ba’zan 50° gacha. Yiliga 150 millimetrgacha yog’in yog’adi. Doimiy oqadigan daryolari yo’q, vodiylar ko’p. Asosan dasht o’simliklari o’sadi, vohalarda mevali daraxtlar, xurmo, tamariks, akasiya va boshqalar uchraydi. Tarixi. Qadim zamonlarda BAA hududida tarixan Mesopotamiya davlatlari bilan aloqador Somiy qabilalar yashagan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning oxirlarida arablar o’rnashib qolgan. 7-asrdan bir qancha Amirliklardan iborat bu hudud Arab xalifaligi, 14-asrdan esa Ho’rmuz davlati tarkibiga kirgan. 16-17-asrlarda u qisman Portugal mustamlakachilar hokimiyati ostida bo’lgan. 18-asrdan uning kemalarda savdosotiq qilish bilan shug’ullanuvchi aholisi inglizlarning Ost-Indiya kompaniyasiga qarshi kurashdi. Shuning uchun inglizlar bu yerni «qaroqchilar sohili» deb ataganlar. 1820, 1835, 1839, 1853, 1892 yillarda ingliz Ost Indiya kompaniyasi mahalliy amirliklarning hukmdorlari bilan bitimlar imzoladi, bora-bora bu hudud inglizlar izmiga o’tib qoldi. 20-asrning 20-yillarida Amirliklarda inglizlarga qarshi harakat boshlandi. 2-jahon urushi yillarida bu hududdan Buyuk Britaniya va AQSh harbiy havo kuchlarining bazasi sifatida foydalanildi. Urush tugagach, Buyuk Britaniya bu joydagi ta’sirini saqlab qolishga intilib, 9 amirlikdan iborat (Bahrayn va Qatarni ham qo’shib) o’ziga bo’ysunuvchi federatsiya tuzmoqchi bo’ldi. Biroq milliy ozodlik harakatining tazyiqi ostida 1971 yilda bu yerdan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo’ldi. 1971 yil 2 dekabrda 6 amirlik (Abu-Dabi, Ajman, Dubay, Umm ulqayvayn, Al-Fujayra, Sharja) suveren Federativ davlat — BAA tashkil etilganini e’lon qildi. 1972 yil 10 Fevralda Ra’s ul-Xayma amirligi ham federatsiyaga qo’shildi. 1971 yildan BAA — BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil oktabrda o’rnatgan. Milliy bayrami — 2 dekabr— Mustaqillik kuni (1971). Xo’jaligi. Iqtisodiyotning asosi — neft qazib chiqarish. Aniqlangan neft zaxiralari — 7 milliard tonnadan ortiq, bu butun dunyodagi neft zahiralarining 10% ni tashkil qiladi. Neft konlarining aksariyati AbuDabida joylashgan. Dubayda ham neft qazib olinadi. BAAda tabiiy gaz konlari ham bor. Aniqlangan zaxiralari—5,7 trillion kub metr. Asosiy gaz konlari Sharja amirligida. 1993 yil o’rtalaridan boshlab kuniga o’rta hisobda 2,16 million barrel neft qazib olinmoqda. 1994 yilda salkam 125 million tonnaga yaqin neft olindi. 1995 yilda neft va neft mahsulotlarini chetga chiqarish natijasida 12,7 milliard. AQSh dollari mikdorida daromad olindi. Neft va gaz yalpi milliy mahsulotining salkam 50% ini tashkil qiladi. Oz miqdorda mis, qo’rg’oshin, tuz, oxra, oltingugurt ham qazib olinadi. Neftni qayta ishlash, neft kimyosi, gazni suyultirish, metall buyumlar, alkogolsiz ichimliklar, plastmassa quvurlar, baliq konserva zavodlari, yog’ochsozlik, tamaki fabrikalari, dengiz suvini chuchuklashtirish qurilmasi va boshqalar bor. Hunarmandchilik (gilamdo’zlik, to’quvchilik, pichoqsozlik, asl metallardan buyumlar tayyorlash va shu kabilar) rivojlangan. 9 tsement zavodi yiliga salkam 5 million tonna mahsulot, Dubaydagi «Dubal» kompaniyasi yiliga 240 ming tonna alyuminiy ishlab chiqaradi. Shu yerdagi dunyoda eng katta kemasozlik korxonasida 1 million tonnagacha bo’lgan hajmdagi supertankerlar ta’mirlanadi. Dubayning Jabel Ali porti atrofida erkin iqtisodiy zona barpo etilgan bo’lib, bu yerda 100% gacha xorijliklar egaligidagi korxonalar tashkil etilishiga yo’l qo’yiladi. Bu zonada mablag’ sarflovchilarga hech qanday soliq solinmaydi, ularga eng zamonaviy infrastruktura (ko’makchi tarmoqlar) xizmat ko’rsatadi. BAA, avvalo Dubay, oltin savdosining jahon markazlaridan biridir. Har yili mamlakat orqali 170-175 tonna oltin o’tadi, shundan qariyb 40 tonnasi BAAda qoladi. BAAda aholi jon boshiga to’g’ri keladigan daromad taxminan 2250 AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu ko’rsatkich bo’yicha u Fors qo’ltig’i mamlakatlari orasida birinchi va dunyoda 12-o’rinda turadi. Neftdan tushgan daromadning hammasidan mamlakatda foydalanishning imkon yo’qdigi sababli, uning anchagina qismi G’arbdagi investitsiya loyihalari va moliya tuzilmalariga qo’yiladi. BAAning xorijdagi 23 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablagi yiliga 3,5 milliard dollar daromad keltirmoqda. Aholining ko’pchiligi qishloq xo’jaligida band. Mamlakat maydonining 8% da dehqonchilik qilinadi. Irrigatsiya qurilishiga katta e’tibor beriladi. Vohalarda xurmo, uzum, mevalar, shuningdek g’alla, tamaki va paxta yetishtiriladi. Ko’chmanchi chorvachilik ustun. Qoramol va tuya boqiladi. Dengiz bo’yida baliq ovlanadi va marvarid qidirib topiladi. Qishloq xo’jaligi mamlakatning oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini qondirmaydi. Chetga chiqariladigan va chetdan keltiriladigan yuklar asosan dengiz orqali tashiladi. O’zining dengiz transporti unchalik rivojlanmagan — yuklarning aksariyati xorijiy kemalarda tashiladi. Umumiy yuk oboroti yiliga 30 million tonnani tashkil etadi. Eng muhim portlari: Jabel Ali, Rashid, Zaid, Fujayra, Xamriya. Havo transportida ham anchagina yuk tashiladi. Abu-Dabi, Dubay, Sharja, Ra’s ulxayma, Al-Ayna va Fujayrada xalqaro aeroportlar bor. Mamlakat ichkarisida yuklar faqat avtomobil transportida tashiladi (avtomobil yo’llari uzunligi 4,3 ming kilometr). BAAdan chetga neft va neft mahsulotlari, suyultirilgan gaz, alyuminiy, tsement, quritilgan baliq, marvarid, tamaki, xom teri, xurmo chiqariladi, chetdan keng iste’mol mollari, oziq-ovqat, mashina va asbob-uskuna, transport vositalari, harbiy texnika, binokorlik materiallari va boshqalar keltiriladi. Asosan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSh, Frantsiya, Janubiy Koreya, Italiya, Xitoy bilan savdo qiladi. Pul birligi — dirham. Madaniyati. BAA qonunlarida mamlakat fuqarolari uchun majburiy o’rta ta’lim ko’zda tutilgan. Alaynadagi universitet BAAdagi yagona oliy o’quv yurti hisoblanadi. Unda 5 mingga yaqin talaba ta’lim oladi. BAAda universitet kutubxonasi, Abu-Dabi va Dubayda xalq kutubxonalari, Abu-Dabida arxeologiya muzeyi bor. BAAda «Axbor. Dubay» («Dubay axboroti», 1965 yildan), «Albayon» («Bayonot», 1980 yildan), «Alvahda» («Birlik», 1973 yildan), «Alittifoq» (1972 yildan), «Al-Xolij» («Ko’rfaz», 1970 yildan) gazetalari chiqadi. Hukumatning radioeshittirish va teleko’rsatuv tashkiloti 1968 yilda, BAA axborot agentligi 1980 yilda tashkil etilgan. Teleko’rsatuvlar 1968 yildan boshlangan. Radioeshittirishlar Arab, ingliz, frantsuz va urdu tillarida olib boriladi. O’zbekiston Respublikasi bilan BAA o’rtasidagi o’zaro aloqalar, asosan, savdo-iqtisodiy va sayyohlik sohasida rivojlanib bormoqda. O’zdavmakroiqtisodiyot qo’mitasining ma’lumotlariga ko’ra, ikki mamlakat o’rtasida tovar ayirboshlash 1995 yilda 79,2 million. AQSh dollarini tashkil etdi, 1997 yilda taxminan 200 million dollarga yetdi, shundan eksport salkam 10 million dollar, import esa 190 million dollar bo’ldi. O’zbekiston BAAga paxta, xom ipak va boshqani yetkazib bermoqda; oziq-ovqat mahsulotlari, ro’zg’or elektronikasi, kiyim-kechak va gazlamalarni sotib olmoqda. Dubayda O’zbekiston Respublikasining konsulxonasi ochilgan. 1994 yilda uning maqomi Bosh konsulxona darajasiga ko’tarildi. Har oyda 1000-1500 o’zbekistonlik sayyoh BAAga, ko’proq, Dubay va Sharja Amirliklariga borib kelmoqda.

Shuningdek o’qing: Birlamchi traxeyalilar