BITIM

BITIM — 1) huquqda shartnoma, kontrakt, xalqaro shartnoma, Konventsiya tushunchalarining sinonimi. 2) O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi bo’yicha fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o’zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakati. Bitim bir taraflama, ikki taraflama yoki ko’p taraflama bo’lishi mumkin. Bitim tuzish uchun qonun hujjatlariga yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va etarli bulsa, bunday Bitim bir taraflama Bitim hisoblanadi. Bitimlar og’zaki yoki yozma (oddiy yoki notarial tasdiqlangan) shaklda tuziladi. Yer uchastkalari va boshqa ko’chmas mol-mulk bilan bog’liq Bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat ro’yxatidan o’tkazilishi kerak. Qonun talablariga muvofiq kelmaydigan, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan Bitim; 14 yoshga to’lmagan shaxslar; ruhiy kasalligi va aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan Bitim; qalbaki va ko’zbo’yamachilik uchun tuzilgan Bitim o’z-o’zidan haqiqiy emas. 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan voyaga yetmagan shaxslar; muomala layoqati cheklangan fuqarolar; harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki boshqara olmaydigan fuqarolar tomonidan; shuningdek yanglishish ta’sirida tuzilgan Bitim; aldash, zo’rlik, qo’rqitish, bir taraf vakilining 2-taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki og’ir holatlar yuz berishi ta’sirida tuzilgan Bitim; yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqadigan Bitim sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin (O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi, 101 — 128-moddalar).