Bo’ronni nima qo’zg’aydi?

Atmosfera bosimlari o’rtasidagi farq shamol turishiga sabab bo’ladi. Shamol yuqori bosimli mintaqadan past bosimli mintaqa tomon harakat qiladi. Bosimlar o’rtasidagi farq qancha yuqori bo’lsa, shamol shuncha kuchli bo’ladi.

Shamolning kuchi Bofort shkalasi bo’yicha o’lchanadi.

Bu shkala 12 ballikdir. Dorga osilgan kirlarni zo’rg’a qimirlatadigan epkinning kuchi 1— 2 balldir.

Bayroqni yoyish quvvatiga ega bo’lgan shamolning kuchi 3-4 balldir. 5-6 ballik shamol turganda daraxtlarning yaprog’i shitirlab, bayroq hilpiray boshlaydi. 7-8 ballik shamol ingichka daraxtlarni bukib, quruq shoxlarni sindiradi.

9-10 ballik shamol dengizda to’fon qo’zg’aydi va daraxtlarning tanasini sindiradi. Kuchli to’fonning kuchi 10 balldir. To’fon vaqtida shamolning tezligi sekundiga 20 metrdan oshishi mumkin.

Agar shamolning kuchi 11 balldan oshiq bo’lsa, o’ta kuchli to’fon qo’zgaydi va u shamolning kuchi 12 ballga yetganda, uragan — dovulga aylanadi.

Dovul uylarning tomini va mashinalarni ag’darib yuboradi. Dovul dunyoning ko’pgina mamlakatlariga katta ziyon keltiradi, odamlarning qurbon bo’lishiga olib keladi. Dovul vaqtida havo aylanib harakat qila boshlaydi. Bunday girdob quruqlikda tornado, dengizda esa tayfun deb ataladi. Ba’zan u osmonga suv va qumni ko’tarib olib chiqib keta oladi.

Quyun shundan hosil bo’ladi. U sekin ko’chib yuradi va yo’lida uchragan neki bo’lsa, barchasini vayron qiladi.

Bunday bo’ronlar Arktikaning janubga tomon harakat qilayotgan sovuq havo massasi bilan tropiklardan shimol tomonga yo’nalgan issiq va nam havo to’qnashgan joylarda turadi. Ayrim joylarda katta issiq havo oqimi sovuq havoning ichiga yorib kiradi. Bu oqimning yuqori qismida past bosimli zona hosil bo’ladi. Shamollar ham shu tomonga intiladi va uning atrofida bo’ron qo’zg’aladi. Issiq va sovuq havo o’zaro to’qnashganda, ular bir oz birlashadi. Nisbatan yengilroq issiq havo sovuq havo ustidan ko’tarilib, soviydi va quyuqlashadi. Undan bulut paydo bo’ladi va natijada qor yoki yomg’ir yog’adi.

Shimoliy yarim sharda yerning aylanishi natijasida havo harakati o’ngga ko’chadi, shuning uchun girdoblarda havo oqimi soat strelkasi bo’ylab harakat qila boshlaydi. U juda katta o’lchamdagi quyunni eslatadi.

Tropikning iliq suvlaridan hosil bo’ladigan tayfun va uraganlar ekvatorning shimol tomonida yozning oxirlari yoki kuzda tezlashib qoladi. Ular G’arb va shimoli-G’arb yo’nalishida harakat qilib, asta-sekin o’ng tomonga og’ib boradi. Tornado o’ta kuchli quyundir. Undan voronka shaklidagi va momoqaldiroqli bulutlar darak beradi. Voronkaning diametri, bor-yo’g’i, bir necha yuz metr bo’lsa-da, yo’lida uchragan narsalarning hammasini vayron qilib ketadi. Katta kuchga ega shamol va bosimning keskin tushib ketishi ham vayron etuvchi quvvatga ega. Ularning kuchi bilan uylarning devorlari qulab tushadi, binolar chilparchin bo’lib ketadi. Tornado shunday vayron etuvchilik quvvatiga egaki, u tez-tez ro’y berib turadigan joylarning aholisi undan yashirinish uchun maxsus pana joylar qurib olishadi.

Uragan Meksika ko’rfazi atrofida, AQShda, shuningdek, Yaponiya sohillarida Kamchatka va uzoq Sharq qirg’oqlarida tez-tez sodir bo’lib turadi.

Kuchli shtorm havo transporti uchun, zamonaviy laynerlar eng yaxshi asbob-uskunalar bilan jihozlangani va parvozining tezligi yuqoriligiga qaramasdan, o’ta xavflidir. Zamonaviy kemalar konstruktsiyasi tayfun zarbasi dosh berishga imkoni bersa ham, u bilan to’qnash kelishdan qochishadi. Shtorm kichik qayiqlar, baliqchilarning ko’p eshkakli katta qayig’i, sayrga mo’ljallangan yaxtalar uchun o’ta xavflidir. Shuning uchun meteorologlar shtormning ilk alomatlari paydo bo’lishi bilanoq hammani ogohlantirishadi. Kemalar bu haqdagi xabarni olishi bilan xavfsiz joylarga yo’l oladi yoki undan himoyalangan port — bandargohlarga kirishadi.