BULOQCHILAR

BULOQCHILAR, tuk qanotlilar (Trichoptera) — hasharotlar turkumi. O’rtacha kattalikda, ba’zan yirik (70 millimetrgacha) bo’lib, tashqi ko’rinishi kapalaklarni eslatadi. Qanotlari mayda tuklar yoki tuksimon tangachalar bilan qoplangan. Qo’ngakida qanotlari qornini ikki yon tomondan yopib turadi. Og’iz organlari xilma-xil tuzilgan, ayrim turlarida so’ruvchi xartumcha shaklida bo’lib, shudring yoki nektar so’rishga moslashgan. Ko’pchilik turlari voyaga yetgan davrida oziqlanmaydi; tuxum qo’ygach o’ladi. Urug’langan urg’ochi Buloqchilar suvga to’p-to’p qilib yoki shilimshiq ipchalar shaklida tuxum qo’yadi. Qurtlari suv tubida cho’p va qumdan yasalgan «uycha»larda hayot kechiradi, traxeya orqali nafas oladi. 3000 ga yaqin turi ma’lum. Ko’pchilik turlarining qurtlari tog’ mintaqalaridagi daryo va ko’llarda uchraydi, baliqlarning asosiy ozig’i hisoblanadi. Ayrim Buloqchilar qurtlari sholi maysalarini yeb, ziyon keltiradi (Uzoqsharq, Yaponiya). O’zbekistonda 50 ga yaqin turi uchraydi.