BURMABO’YIN
BURMABO’YIN (jynx torquUla) — qizilishtonlar turkumiga mansub qush. Afrika, Osiyo va Yevropada tarqalgan. O’zbekistonda o’troq yashamaydi (bahorda kelib, kuzda Hindiston va Eronga uchib ketadi). Burmabo’yin siyrak o’rmon va bog’larda yashaydi. Bo’yining uzunligi 20 santimetrgacha bo’ladi. Tuxumini daraxtlar kovagiga qo’yadi, qushlarning tashlandiq uyalaridan foydalanadi. 6-12 ta tuxum qo’yadi. Tuxumni, asosan urg’ochisi, u ovqatlanishga ketganda erkagi bosadi. Burmabo’yin chumolilar, o’simlik shiralari va boshqa hasharotlar bilan oziqlanadi. Hasharotlarni uzun va yopishqoq tili bilan po’stloq orasidan yoki uyasidan tutib oladi. Burmabo’yin biror narsadan qo’rqsa, boshi bilan bo’ynini parmadek buraydi, shuning uchun u «burmabo’yin» deyilgan.